Barcha qo‘riqxonalar vakillari “Hisor”da yig‘ildi
Respublikamizning barcha tog‘li va cho‘l hududlarida tashkil etilgan qo‘riqxonalar vakillari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasida jam bo‘lishdi.
Ishtirokchilar dastlab qo‘riqxonaning Shahrisabz tumanida joylashgan tashrif markazi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif markazining zalida “Hisor” davlat qo‘riqxonasi misolida “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish va rivojlantirish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘riqxonaning flora va fauna dunyosi hamda qo‘riqxonani 2022-2026 yillarda rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi taqdimoti o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, Qo‘riqxonaning qo‘riqlanma hududidagi ekoturizm ob’ektlarini tashkil qilish uchun zarur infratuzilmani yaratish, tadbirkor va investorlarni jalb etish, davlat xususiy sherikchilik loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlangan. Xususan, “Hazrati Sulton platosi”da ziyorat turizmi, “Dinozavr izlari va Amir Temur g‘ori”ning o‘ziga xos joziba va takrorlanmas manzaralarga boy bo‘lgan hududida speleoturizm (g‘or turizmi)ni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-14658]
– Tadbir davomida qo‘riqxonaning boy noyob hayvonot va o‘simlik dunyosi meni hayratga soldi, – deydi “Orol bo‘yi” milliy tabiat bog‘i direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sevara Rustamova. – Bu yerda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar rejasi bilan tanishdik va bu tahsinga loyiq. Bundan tashqari, boshqa qo‘riqxonalardan kelgan hamkasblarimiz bilan tajribalarimizni almashyapmiz. Fursatdan foydalanib, qo‘riqxonaning 40 yillik yubiley sanasi bilan ham tabriklaymiz.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qo‘riqlash xodimlari hududda biologik xilma-xillikni saqlash va ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda samarali davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida SMART patrul dasturi orqali ishlab kelmoqda.
Ishtirokchilar qo‘riqxonaning qo‘riqlanma hududida 1,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangidan barpo etilayotgan “Suvtushar sharsharasi” ekoturizm maskaniga borishdi. Maskanda amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishildi.
– “Hisor” davlat qo‘riqxonasida tashkil etilgan seminarga kelganimizdan juda mamnun bo‘ldik, – deydi Namangan viloyati “Pop” milliy tabiat bog‘ining kadastr bo‘yicha mutaxassisi Abdurafiq Jalolov. – Taassurotlar juda katta. Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan SMART dasturi menga ma’qul bo‘ldi va kelgusida bizning tabiat bog‘imizda ham shu dasturni tatbiq qilishni maqsad qilib qo‘ydik. Aslida bu yerning tabiati va hayvonot dunyosi biznikiga juda o‘xshash ekan. “Pop” milliy tabiat bog‘ining tashkil etilganiga bor-yo‘g‘i ikki yil bo‘ldi. Shu bois “Hisor” davlat qo‘riqxonasida amalga oshirilgan ishlardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p ekan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/G87571FTmAU" title="Barcha qo‘riqxonalar vakillari “Hisor”da yig‘ildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari