Barcha jamiyatning to‘laqonli a’zosi
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularning tengdoshlari qatorida ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobarga oshirildi. Jumladan, nogironligi bor yoshlarning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi, o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun inklyuziv ta’lim olishi belgilab qo‘yildi.
Navoiy davlat pedagogika institutida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan talabalar bilan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda institutda 235 nafar nogironligi bo‘lgan talabalar tahsil olmoqda. Ulardan 65 nafari bepul yotoqxona bilan ta’minlangan.
– Imkoniyati cheklangan talaba yoshlar boshqa tengdoshlaridan o‘qish, sport, jamoatchilik ishlarida aslo kam emas. Ularga institut tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov. – Jumladan, yakunlanayotgan 2022-2023 o‘quv yilida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda kasalligi bor 86 nafar talabaga jami 83 million so‘m moddiy yordam berildi. Birgina joriy yilning birinchi choragida 35 nafar talabaga 29 million so‘mlik moddiy yordam, 51 nafar talabani rag‘batlantirish maqsadida 38 millon so‘m pul mablag‘lari ajratildi.
Institutda Prezidentimizning 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish, 2022-2023 yillar davomida nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etgan para sportchilarni ekipirovka, vitaminizatsiya bilan ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladin, institut talabalari Sultonov Elbek, Rajabov Shahboz, Hasanov Bektemir, Akobirov Jamoliddin, Ro‘ziyev Mashrablarning har biriga 10 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.

Darvoqe, institutda tahsil olayotgan nogironligi bor talabalar yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etmoqda.
Shu yilning 19-22 may kunlari Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida institutning Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari - Jamoliddin Akobirov 1 ta oltin, 2 ta kumush, Bektemir Hasanov, Suhrob Karimov, Shahboz Rajabov va Mashrab Ro‘ziyevlarning har biri 1 tadan oltin medalga ega bo‘ldi. O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.
– Bir necha yildan buyon sportning para yengil atletika turi bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi Shahboz Rajabov. – Bu yil o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatidagi ishtirokim omadli yakunlandi. Unda chempion bo‘lish bilan birga “Xalqaro toifadagi sport ustasi“ degan nomga ham sazovor bo‘ldim. Buning barchasi bizga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar natijasidir.
Institutda imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun belgilanayotgan chora-tadbirlar keyingi o‘quv yillarida ham izchil davom ettiriladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA