Barcha islohotlar negizida adolat aks etmoqda
Biror voqea hayotingizni tubdan oʻzgartirishiga, ayniqsa, ijobiy tomonga oʻzgartirishiga ishonsangiz uni intizorlik bilan kutasiz.
Biror voqea hayotingizni tubdan oʻzgartirishiga, ayniqsa, ijobiy tomonga oʻzgartirishiga ishonsangiz uni intizorlik bilan kutasiz.
Oʻzbekiston Prezidentining Parlamentga qiladigan murojaati ham oʻtgan davr mobaynida shunday voqelikka aylandi. Ahamiyatlisi, ushbu Murojaatnomani nafaqat parlament aʼzolari, mahalliy kengash deputatlari, ijro hokimiyati, ziyolilar, balki chekka-chekka qishloqlardagi xalqimiz, aniqroq aytganda, oddiy odamlar ham kutadigan boʻldi. Chunki ular har yili davlat rahbarining Parlamentga murojaatida oʻz hayotini yaxshilashga oid yangi fikr, yangi gʻoya, yangi tashabbuslar yangrashini bilishadi.
Bu yilgi Murojaatnomaning oʻtgan yillardagilaridan asosiy farqi – yangi parlament va yangi hukumatga yoʻllandi va mazmunan, nafaqat 2020-yilni, balki kelgusi 5 yillikni qamrab olganidadir.
Murojaatnomani tinglaganlar kutilgan umidlaridan ziyodroq narsalarni oldi, deb oʻylayman. Chunki unda bir qator tarixiy tashabbuslar yangradi.
Jumladan, oliy taʼlimga qabul kvotalarini doimiy ravishda oshirib borish, kirish imtihonlarini soddalashtirish, davlat grantini ikki baravarga koʻpaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, dorilarning elektron reyestrini yaratish, oʻqituvchi va shifokor maqomini yanada mustahkamlash va ularning oylik ish haqlarini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki ishlar organlarini xalqona tizimga aylantirish kabi taklif-tashabbuslar barcha-barcha yurtdoshlarimizni yuragigacha yetib bordi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Yuqorida tilga olingan muammolar biz saylovlar arafasida partiya saylovoldi dasturini shakllantirish jarayoni va saylovoldi uchrashuvlarida xalqimizni ancha yillardan beri qiynab kelayotgan muammolar ekanligiga guvoh boʻlganmiz. Shuning uchun bir qator muammoli masalalarni partiya saylovoldi dasturiga kiritib, ustuvor vazifamiz sifatida belgilab olgan edik. Bugun yuqori minbardan turib yana bir bor ushbu masalalarga eʼtibor qaratilgani va yechimlari koʻrsatib berilgani bizni quvontirishi bilan birga zimmamizga alohida masʼuliyat ham yuklaydi. Demak, endi Murojaatnomada koʻrsatib berilgan vazifalar bekami-koʻst bajarilishi va uning ijrosini nazorat qilish boʻyicha fraksiya va joylardagi mahalliy kengash deputatlarimizdan alohida masʼuliyat talab etiladi.
Prezident Murojaatnomasida alohida diqqatimizni tortgan yana bir masala borki, bu “propiska” masalasidir. Ushbu muammo uzoq yillardan beri koʻplab fuqarolarimiz va jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab boʻlib kelayotgan edi. Aynan shu sabab partiya Saylovoldi dasturiga “Propiskadan oʻtish” tizimiga yangicha yondashish, fuqarolarimizning oʻz xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini oʻzi belgilash huquqini taʼminlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish” masalasi kiritildi. Saylovoldi debatlarda, uchrashuvlarda raqib partiyalar tomonidan ushbu fikr yaqin yillar ichida yechimini topmasligi va saylovchilar ovozini olish uchun qilingan populistik chaqiriq, deganga oʻxshash eʼtirozlar ham boʻldi.
Bugun davlat rahbari uzoq yillar davomida xalqimizni qiynab kelgan adolatsiz tizimni bartaraf etish vaqti kelganini taʼkidlangani koʻpchilikning koʻnglidagi gap boʻldi.
Joriy yilga Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nom berilgani ham mamlakatimizning kelgusi 10 yillikdagi asosiy yoʻnalishini belgilab beradi. Zero, ilm-fanni rivojlantirmasdan turib, yorqin kelajakni tasavvur etib boʻlmasligi ayni haqiqatdir. Kelajak farovon boʻlishini istar ekanmiz, iqtisodiyotni va barcha sohalarni raqamlashtirishga erishishimiz darkor.
Raqamli iqtisodiyotni va texnologiyalarni rivojlantirish sohalar rivojiga taʼsir etish bilan birga korrupsiyani bartaraf etishning samarali vositasi hamdir. Bu orqali biz mazkur illatning oqibati bilan kurashishni toʻxtatib, uni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlab, partiya dasturida belgilanganidek, ildizi bilan quritishga erishamiz.
Murojaatnomada qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizning navbatdagi islohotlar davrining eng asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Bejizga Prezidentimiz “Bu illatni yoʻqotmasdan turib oldimizga qoʻygan birorta vazifani bajara olmaymiz”, deya taʼkidlamadi. Endilikda mazkur “oyogʻimizdagi kishan”ga qarshi soʻzda emas, amalda jiddiy kurash boshlanmoqda. Bu kurashga masʼul qilib avvalgidek, turli idoralar yoki jamoatchilik asosidagi komissiyalar emas, alohida, kuchli organ belgilandi. Parlament oldiga ham sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.
Bu borada Oʻzbekiston “Adolat” SDPning ham oʻz takliflari va dasturiy yoʻnalishlari bor. Maʼlumki, mazkur illat bilan kurashishda qaysidir davlat organi yoki biron-bir qonun bilan kerakli natijaga erishib boʻlmaydi. Bunda eng asosiy vosita, yechim, kurashga keng jamoatchilikni, fuqarolarimizni, xalqimizni faol jalb qilish lozim boʻladi. Buning uchun, avvalo, mazkur masalalarni qonunchilikda aks ettirish kerak.
Umuman olganda, jamoatchilikni islohotlarda harakatlantiruvchi kuchga aylantirish Murojaatnomaning bosh gʻoyalaridan biri boʻldi, desak aslo adashmaymiz. Endilikda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligi aniq belgilanishi qayd etildi.
Bu esa jamoatchilikka juda katta masʼuliyat yuklaydi. Yaʼni muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikri eshitiladigan, qabul qilinadigan sharoit yaratilmoqda. Yangraydigan fikrlar esa mamlakat taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qilish darajasida boʻlishi lozim.
Murojaatnomada ilgari yuksak minbarlarda yangramagan yana koʻplab tashabbuslar, gʻoyalar, fikrlar ilgari surildi. Ularning har birini toʻliq ijrosini taʼminlash, hayotga tatbiq etish natijasida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada jadallashuviga erishiladi.
Eng asosiysi, farovon hayot, rivojlangan Oʻzbekiston biz uchun endi uzoq kelajak emas. Qilinayotgan ishlar, olib borilayotgan islohotlar orqali biz buyuk kelajakka tobora yaqinlashmoqdamiz. Buni xalqimiz ham ich-ichidan sezmoqda, ertasi farovon boʻlishiga ishonmoqda. Bizning asosiy vazifamiz esa belgilangan vazifalarni toʻliq ijrosini taʼminlash orqali ana oʻsha ishonchni oqlashdan iboratdir.
Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi.