Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Qo‘ng‘irot tumanida yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Ulugbek kiYet” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirilgan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishildi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida yangi xizmat ko‘rsatish ob’ekti uchun yer maydoni ajratib berilgan. Loyiha ishga tushirilishi natijasida 15 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ushbu farmon asosida yer maydoni ajratilib, yangidan qurilayotgan “Regal Bereket Team” mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo markazi, shuningdek, imtiyozli kredit mablag‘lari asosida yangidan ishga tushirilishi belgilangan nodavlat maktab qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Qurilish ishlarini sifatli qilib yakunlash, mazkur ob’ektlarni belgilangan muddatida ishga tushirishda yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi. Shundan so‘ng, rais “Qo‘ng‘irot” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Yudash Alixah” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 60 ta yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan, 1,2 million dollar mablag‘ asosida yangidan qurilayotgan tuzni qayta ishlash zavodini borib ko‘rdi.

Hozirgi vaqtda mahsulotlarini ichki bozor va eksportga yo‘naltirib turgan va 70 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Turan gold prom” mas’uliyati cheklangan jamiyatining texnik tuz ishlab chiqaruvchi korxonasiga Prezidentimizning 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida 10 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.
“Brich product” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mebel uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 1 million dollar bo‘lib, bugungi kunda 50 nafar kishi ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona o‘z faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida bojxona imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda.
“Hokim ata” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shuhrat Xudaybergenov tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari asosida ishga tushirilgan mebel ishlab chiqarish loyihasi ish boshlashi natijasida qo‘shimcha 6 nafar kishining bandligi ta’minlangan.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tashabbuskorlar bilan yaqindan muloqot qildi. O‘z navbatida, biznes vakillari Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tumanda aholining turmush sharoitini yaxshilash va daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlarni ham ko‘zdan kechirdi. Jumladan, “Qo‘ng‘irot” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi tomorqa yer egasi Turg‘anboy Orazbayev, o‘z brendiga ega “Sarbi Ramazan” biogumus ishlab chiqarish firmasi rahbari, “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bayrambay Dauletiyarov hamda asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan Mansur Jumaniyazovning ishlari bilan ham tanishdi. Tomorqalardagi hosil olish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, ozgina yerni yuqori daromad manbaiga aylantirishga qaratilgan bunday tajribalar ko‘pchilikka namuna bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan Begzad Ashirovning ishlarini borib ko‘rdi. Tadbirkorlikni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilib, ular doimiy qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.
“Kiyet” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida 15 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan loyiha ko‘rib chiqildi. Biriktirilgan fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ushbu tashabbusni to‘liq amalga oshirishda barcha choralarni ko‘rish mas’ullar zimmasiga yuklandi.
Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ijtimoiy turar joyda yashovchi fuqarolar bilan ham uchrashdi. Ularning muammolarini tinglab, mutasaddilarga ko‘tarilgan masalalarga tez fursatda ijobiy yechim topish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Shu kuni respublika va tuman tashkilotlari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan majlisda davlatimiz rahbarining joriy yil 1 apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori bilan Qo‘ng‘irot tumanini 2025-2026 yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar, aholining munosib turmush sharoitini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, obodonlashtirish ishlarini olib borish kabi belgilangan vazifalarning bajarilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, tumanni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur asosida qator vazifalar belgilab berilgan. Buning uchun moliyaviy manbalar va imkoniyatlar ham yaratilgan. Ammo ayrim joylarda muassasa, tashkilot mutasaddilari, shuningdek, mahalla faollari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, mahallalardagi ishlarning amalda bajarilishi, taqdim etilgan hisobotlarda qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilganligi, obodonlashtirish, fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarning talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Bu borada mas’ullar ogohlantirilib, ayrimlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri