Bankning yangi xizmatlari taqdim etildi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish bank” tomonidan zamonaviy bank texnologiyalari asosida yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish bank” tomonidan zamonaviy bank texnologiyalari asosida yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Unda bir plastik kartochkadan boshqa plastik kartochkaga mablag‘ o‘tkazish imkonini beruvchi “P2P” xizmati joriy etilgani ma’lum qilindi. Buning qulayligi shundaki, bank mijozlari maxsus saytlar, mobil ilovalar orqali o‘z plastik kartochkalaridan boshqa jismoniy shaxsning plastik kartochkasiga pul o‘tkaza oladi.
Bankda infokiosklar orqali jismoniy shaxslarning kredit to‘lovlarini 24/7 rejimida, har kuni 24 soat davomida qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 6-apreldagi “Tijorat banklari depozitlariga aholi va xo‘jalik subyektlari bo‘sh pul mablag‘larini jalb etishni yanada rag‘batlantirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Bankning omonatchilar bilan amaliyotlar bajarilishida omonat daftarchalari, omonat shartnomalari, kirim va chiqim orderlari axborotlashtirilgan dastur orqali amalga oshirilmoqda. “Sms-omonat” xizmati yo‘lga qo‘yilgani omonatchilarning vaqtini tejash va sifatli xizmat ko‘rsatishda qo‘l kelayotir. Mintaqaviy filiallarda shaxsning barmoq izlari namunasidan foydalanish «Biometrik identifikatsiyalash» tizimi joriy qilinmoqda.
– Mazkur texnologiya g‘oyat ishonchli va qator afzalliklarga ega, – deydi bank depozitlarini jalb qilishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Olimjon Mutalov. – Misol uchun, omonat hisobvaraqlaridagi mablag‘lar bilan bog‘liq operatsiyalar faqat omonat egasi bo‘lgan mijozning bevosita ishtirokida amalga oshiriladi va omonat mablag‘lariga nisbatan bank xodimlarining daxlsizligi ta’minlanadi.
Matbuot anjumanida “Qishloq qurilish bank” “Uzkart-EMV” to‘lov tizimidagi faoliyatini yanada takomillashtirish, terminallar tarmog‘ini kengaytirish, “online” rejimida ishlovchi “Smart-vista” kartochkalari muomalaga kiritilishini jadallashtirish, ular orqali xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirishi ma’lum qilindi.