Banklarning investitsiyaviy faolligi ortmoqda
O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasida innovatsiya-investitsiya faoliyatini yanada takomillashtirishda bank-moliya sektorining ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasida innovatsiya-investitsiya faoliyatini yanada takomillashtirishda bank-moliya sektorining ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari M.Mirzayev, Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har tomonlama puxta o‘ylangan byudjet-soliq, faol innovatsiya-investitsiya siyosatini yuritish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida modernizatsiyalash dasturlarini izchil amalga oshirish, hududlarning innovatsiyalar bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda mutanosiblikni ta’minlash evaziga o‘tgan yillarda mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanayotganini ta’kidladi.
Bank tizimini isloh qilish, erkinlashtirish va barqarorligini oshirish ham doimiy e’tiborda. Bugungi kunda bu borada amalga oshirilayotgan dasturlarda banklarning barqarorligini oshirish, banklar kapitaliga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, ularning faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari hajmini yanada kengaytirish hamda aholining banklarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan.
Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va investitsiya muhitining jozibadorligini oshirish maqsadida yildan-yilga soliq yuki kamaytirib borilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda aholi real daromadlari o‘sishiga ko‘maklashadigan, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘lib xizmat qiladigan keng ko‘lamli soliq islohotlari amalga oshirilmoqda.
Anjumanda olimlar va bank-moliya sohasining yetakchi mutaxassislari iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiyalashda bank-moliya institutlari ishtirokining dolzarb masalalari, bank-moliya sohasi barqaror rivojlanishida, investitsion faolligini kuchaytirishda banklarning likvidligini oshirish, moliya-kredit muassasalari tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etishdagi ishtirokini yanada faollashtirish, mikromoliyaviy tashkilotlar, lizing, sug‘urta va pensiya fondlarining investitsion manba sifatida faoliyatini olib borish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.