Banklar qarzdor kartasida kamida 680 ming so‘m qoldiradi
Markaziy bank kredit qarzdorligini undirishda fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘larni to‘liq yechib olishni cheklashni taklif qildi. Yangi tartibga ko‘ra, qarzdorning bank kartalari hisoblarida kamida 680 ming so‘m miqdorida mablag‘ saqlab qolinishi mumkin.
Tegishli o‘zgartirishlar tijorat banklari faoliyatiga, xususan, ularning bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarida qo‘yiladigan minimal talablarga oid nizomga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, kredit yoki kafillik majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlar mijozning alohida topshirig‘isiz undirilgan hollarda, bank qarzdorning barcha bank kartalari hisoblarida eng kam ish haqining yarmiga teng mablag‘ni saqlab qolishi lozim bo‘ladi. Hozirgi kunda eng kam ish haqi 1 million 360 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, uning yarmi 680 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ya’ni, taklif ma’qullanib, amaliyotga joriy etilsa, kredit qarzdorligini undirish jarayonida fuqaroning bank kartalaridagi barcha mablag‘lar to‘liq yechib olinishi cheklanadi. Bu esa qarzdorning kundalik ehtiyojlari uchun ma’lum miqdorda mablag‘ saqlanib qolishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Biroq mazkur talab shartnomada majburiy rekvizitlari ko‘rsatilgan bank kartalariga hamda qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlarni undirish maqsadida bankning mobil ilovasiga ulangan kartalarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UZCARD avtomatik akseptsiz mablag‘ yechib olish xizmati shartlariga o‘zgartish kiritgan edi. Joriy yilning 15-aprelidan boshlab qarzdorlikni undirishda bank kartasida kamida 3 BHM miqdoridagi kamaytirilmaydigan qoldiq saqlab qolinishi belgilangan. Ammo ushbu qoida faqat UZCARD to‘lov tizimi doirasida amal qiladi.
Markaziy bankning yangi taklifi esa bunday cheklovlarni kengroq doirada, ya’ni tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan umumiy talablar darajasida belgilashni nazarda tutmoqda.
Mazkur tashabbus kredit qarzdorligini undirish jarayonida fuqarolarning minimal moliyaviy manfaatlarini himoya qilish, ularning hisobvaraqlarida kundalik hayot uchun zarur mablag‘ saqlanishini ta’minlashga qaratilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, muhokama 14-sentabrgacha davom etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA