Banklar 2020 yilni qanday yakunladi?
Tahlillarga ko‘ra, bank tizimida 2020 yilda olingan jami sof foyda 5,642 milliard so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 20,5 foizga oshgan.
“Bank va moliya” – @bankvamoliya kanalining tijorat banklari ma’lumotlari asosida ma’lum qilishicha, “O‘zmilliybank” AJ (905 milliard so‘m), «O‘zsanoatqurilishbank» ATB (798 milliard so‘m), “Aksiyadorlik tijorat Xalq banki” (505 milliard so‘m) va «Ipoteka-bank» ATIB (483 milliard so‘m) eng ko‘p sof foyda olgan banklardir.
“O‘zagroeksportbank” ATB (3 milliard so‘m) va «Hi-Tech bank» XATB (2 milliard so‘m) eng kam sof foyda olgan banklar qatoridan o‘rin olgan.
“TBC Bank” ATB esa yilni 22 milliard so‘m zarar bilan tugatgan.
“Mikrokreditbank” ATB o‘tgan yilga nisbatan sof foydasini deyarli 15 barobar, “Aksiyadorlik tijorat Xalq banki” 5 barobar, "Poytaxt bank" AJ va “Asakabank” AJ 2 barobardan ortiq oshirishga erishgan.
«Hi-Tech bank» XATB sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 80 foizga, «Ravnaq-bank» AJniki 65 foizga, “Turkiston” bankida esa 55 foizga keskin kamayib ketgan.
Umuman olganda, 19 ta bank o‘rtacha 20 foizlik bank tizimi o‘sishidan past natijani qayd etib, bular orasida 9 tasi o‘tgan yilga nisbatan kam pul ishlab topgan.
Ko‘rinib turibdiki, ko‘plab tijorat banklarining moliyaviy natijalari o‘tgan yillardagi kabi qoniqarli emas. O‘tgan yilda pandemiya tufayli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan aksariyat tijorat banklarida kreditlar bo‘yicha daromadlarning kechiktirilgani va mijozlarning moliyaviy holati yomonlashgani kabi sabablar, banklar, ayniqsa, xususiy banklar faoliyatiga salbiy ta’sirini o‘tkazgan.
O‘zA.