Bank yuristi va uning sherigi 420 ming dollar «pora» talab qilgani aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank krediti ajratish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi hamda Yangiyo‘l tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs (1979 y.t.) o‘zaro til biriktirgan. Ular tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga 3,5 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishni va’da qilishgan.
Ushbu «xizmati» evaziga kredit summasining 12 foizini, ya’ni 420 ming AQSH dollarini talab qilgan firibgarlar kelishilgan puldan 50 ming AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA