Bank oldidagi qarzdorlik evaziga ishlab chiqarish liniyalari musodara qilindi
Qo‘qon shahrida yirik miqdordagi kredit qarzdorligini undirish bilan bog‘liq ijro harakatlari boshlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Majburiy ijro byurosining shahar bo‘limi ish yurituviga Biznesni rivojlantirish banki Farg‘ona mintaqaviy filiali foydasiga katta miqdordagi mablag‘ni undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Aniqlanishicha, 2021-yilda “S.S.S.” MCHJga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mahsulot tayyorlashni rivojlantirish maqsadida 1 million 987 ming AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.
Loyihaga ko‘ra, korxona yangi quvvatlarni ishga tushirib, iqtisodiy jihatdan yuksalishi lozim edi. Biroq, ajratilgan mablag‘lar atrofida shubhali vaziyatlarning yuzaga kelishi va majburiyatlarning bajarilmasligi ishni sudgacha olib bordi.
Sud qarori bilan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish belgilangach, MIB xodimlari ijro harakatlarini boshladi.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan anor sharbati ishlab chiqarish dastgohlari va texnologik liniyalari xatlandi.
Endilikda mazkur uskunalar qarzdorlikni yopish maqsadida belgilangan tartibda baholanib, onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
Sotuvdan tushgan mablag‘lar birinchi navbatda bank oldidagi qarzdorlikni va davlat bojlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Hozirda ijro jarayoni qonun doirasida qat’iy nazorat ostida davom etmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA