Bank-moliya akademiyasi: Iqtisodiyotga 202 nafar magistr (+video)
O‘zbekistondagi yetakchi moliya akademiyasi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi. Bu tantana bilan bir qatorda, islomiy moliya bo‘yicha yangi imkoniyatlar va mamlakat iqtisodiyoti kelajagi uchun muhim qadamlar e’lon qilindi.
Bank-moliya akademiyasida o‘tkazilgan navbatdagi magistrlar bitiruviga bag‘ishlangan tadbir xushxabardan boshlandi. Yaqinda ushbu dargoh «Islom iqtisodiyoti va moliyasi» mutaxassisligi bo‘yicha maxsus davlat akkreditatsiyasi sertifikatiga ega bo‘ldi. O‘z navbatida bu yangilik tinglovchilarga islomiy moliya va bank ishi, shariatga muvofiq moliyaviy instrumentlar, sarmoyalar, tavakkalchiliklarni boshqarish hamda zamonaviy moliyaviy mexanizmlar bo‘yicha chuqur nazariy va amaliy bilim berish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Albatta, bu e’tirof yillar davomida ta’lim sohasida olib borilgan islohotlarning mevasi deyish mumkin. Bugun qaysi bir bitiruvchi bilan suhbatlashmang, zamonaviy ta’lim, chuqur bilim va tafakkurga ega bo‘lganini to‘lqinlanib gapiradi.
Ushbu ta’lim muassasasida bank-moliya sohasi uchun chuqur nazariy bilim, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalar va yuksak intellektual salohiyatga ega mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Senatorlar, Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi Milliy tadqiqot universiteti rahbariyati, Markaziy bank, vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarning mas’ul vakillari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan tadbirda bitiruvchilar sha’niga iliq so‘zlar aytildi, ularning O‘zbekiston taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishlariga ishonch bildirildi.
- Bizning Bank-moliya akademiyasi mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi, - deydi Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov. Akademiyada ta’lim jarayoni zamonaviy yondashuvlar, amaliy ko‘nikmalar va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Ayniqsa, nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish Akademiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Eng quvonchli va hayajonli lahzalarda o‘quv dargohni magistratura bosqichida tahsil olgan 202 nafar bitiruvchiga magistrlik diplomlari tantanali ravishda topshirildi. Ular orasida Bank-moliya akademiyasi va Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasidagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olgan 10 nafar bitiruvchi ham bor. Bu mazkur xalqaro hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, Akademiyada tahsil olgan magistrlar bugungi kunda bank-moliya tizimi, davlat boshqaruvi, yirik moliya institutlari va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritib, o‘z bilim va salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yo‘naltirib kelmoqdalar.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA