Bank ko‘magida yangi o‘quv markazi faoliyat boshladi
Konimex tumani “Birlik” mahallasida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda Konimex tumani hokimligi ko‘magida “Lavenir” o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Yangi tashkil etilgan markazning ochilish marosimida bank Boshqaruvi raisining o‘rinbosari O.Voxidov, tuman hokimi R.Ro‘ziyev, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida yangi tadbirkorlik subyektlari soni ortib, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilayotgan loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

“Lavenir” o‘quv markazida 4 ta yo‘nalish bo‘yicha ta’lim va xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan:
- Qandolatchilik;
- Zargarlik;
- Tikuvchilik;
- Yarim tayyor mahsulotlar tayyorlash.
Ayni paytda markazda 12 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda, 20 nafar o‘quvchi esa kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, ijtimoiy reyestrda turgan 10 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.


Markaz faoliyati orqali xotin-qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni daromadli mehnat bilan band qilish hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsad qilingan.
Kelgusida “Lavenir” o‘quv markazi faoliyatini yanada kengaytiriladi, yangi filiallarni tashkil etiladi va olis cho‘l hududlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar kasb-hunarga o‘rgatiladi hamda tadbirkorlikka yo‘naltiriladi.
O‘zA