Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 13 sentyabrdagi ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “Ipoteka bank” foydasiga 2 milliard 309,3 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Taxtako‘pir tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bankdagi hisob raqami inkassa topshiriqnomasi orqali xatlovga olingan. Shuningdek, xizmat avtomashinalari ham xatlovga olinib, qarzdorlik belgilangan tartibda bartaraf qilinmasa, xatlangan mol-mulklar realizatsiya qilish uchun savdoga chiqarilishi haqida ogohlantirilgan.
Natijada, qarzdor jamiyatning hisob raqamiga kelib tushgan pul mablag‘i hisobidan 2 milliard 309,3 million so‘m qarzdorlik bank foydasiga to‘liq undirib berildi. Ijro ishi O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunning 41-moddasiga asosan amalda tamomlandi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri