Bangladeshda qizamiq avj oldi
Bangladeshda qizamiq epidemiyasi avj oldi. So‘nggi haftalarda 100 dan ko‘p odam, asosan bolalar hayotdan ko‘z yumdi. Mutasaddilar vaziyatni nazorat qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rmoqda.
Bangladeshda qizamiq keng tarqalib, vaziyat jiddiy tus olmoqda. Oxirgi bir necha hafta ichida kasallik asosan kichik yoshdagi bolalarni hayotdan olib ketdi. Mas’ullar holat nazoratdan chiqayotganini ta’kidlab, zarur choralar ko‘rishga kirishgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mart oyi o‘rtalaridan buyon mamlakatda 7 500 dan ortiq holat qayd etilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda juda yuqori: 2025-yil davomida atigi 125 holat aniqlangan. Ayniqsa, 9 oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlar jiddiy xavf ostida qolgan. Hali reja bo‘yicha emlash yoshiga yetmagani sababli, bu guruh xastalikka ta’sirchan hisoblanadi.
Mutaxassislar epidemiya kuchayishini bir necha omil bilan bog‘lamoqda. Jumladan, koronavirus pandemiyasi davrida ommaviy emlash kampaniyasi to‘xtatilgani bois immunitet darajasi sezilarli pasaygan. Shuningdek, 2024-yildagi siyosiy beqarorlik va ommaviy namoyish ham sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada aholi orasida umumiy immunitet tushib ketgan. Vaholanki, qizamiq tarqalmasligi uchun aholining kamida 95 foizi emlangan bo‘lishi shart.
Hozir Bangladesh hukumati xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda keng qamrovli emlash kampaniyasini boshlagan. Bu jarayonda 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 1,2 milliondan ko‘proq bola qamrab olinadi. Ayniqsa, avvalgi emlash dasturlaridan chetda qolgan bolalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shifokorlar ta’kidlashicha, qizamiq oldini olish mumkin bo‘lgan, ammo juda tez tarqaluvchi xavfli kasallik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil dunyo bo‘ylab 95 000 ga yaqin inson shu darddan vafot etgan bo‘lib, ularning aksariyati 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA