Banan ko‘chatlari o‘zimizda yetishtiriladi
Xalqimiz sevib iste’mol qiladigan banan mahsuloti mamlakatimizga asosan Hindiston, Turkiya va Ispaniya davlatlaridan olib kelinadi. Uning tarkibida kaliy, fosfor, temir, kalsiy va boshqa minerallar mavjud bo‘lib, kishi salomatligi uchun muhim sanaladi.
Xarajatlarning oshib ketishi mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi. Masalan, har bir ko‘chat chetdan eksport qilinsa donasi 3,5-4 dollargacha narxlanmoqda. Shu sababli mahalliy sharoitga mos navlarni ko‘paytirish ishlari boshlangan. Akademik. M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti “Biotexnologiya” laboratoriyasida invitro sharoitida banan ko‘chatlarini ko‘paytirish boshlandi.


Mazkur loyiha bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar institut olimlari, ya’ni qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Abdurahmon Allayarov va tayanch doktoranti Faxriddin Bo‘ronov tomonidan olib borilyapti. Sa’y-harakatlar natijasida oxirgi 1 yil davomida 2 ming dona asli Hindistonda o‘suvchi banan ko‘chatlari yetishtirilib, joylarga yetkazib berildi. Shu bilan birga, o‘simlik rivojlanishi uchun yerdan oluvchi ozuqalari jamlagan maxsus vitaminlar ham tayyorlandi. Bir yillik banan o‘rtacha 35-45 kilogrammgacha hosil berib, 360-400 donagacha meva tugadi. Shuni e’tiborga olib 2025-2028 yillarda O‘zbekiston bo‘yicha yirik banan yetishtiruvchi klasterlarga ko‘chatlar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Dunyoda yiliga 113 million 212 ming 452 tonna banan yetishtiriladi. Jumladan, eng yirik banan ishlab chiqaruvchi Hindiston yiliga 29 million 124 ming tonnagacha hosil oladi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy davlati bo‘lib yiliga 13 million 324 ming 337 tonna mahsulot yetishtiradi. Kelajakda O‘zbekistonda ham shunday natijalarni qayd etish imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda.
A.Musayev, O‘zA.