Baliqchilik tarmog‘i rivojlanmoqda
Baliqchi tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, sohadagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashabbusi bilan Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Zokir Ishpulatov, Baliqchilikni rivojlantirish markazi direktori Zokir Bo‘tayev, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar suv havza boshqarmalari, Baliqchilikni rivojlantirish markazi hududiy bo‘limlari hamda yurtimizdagi baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmali seminarda Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni mazmun-mohiyati, farmonda belgilangan vazifalar, ularning ijrosini ta’minlash borasidagi muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.
[gallery-31713]
Jumladan, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish, intensiv usulda baliq yetishtirish hajmini oshirishga, suv resurslaridan samarali foydalanish, amaliyotga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqchilik xo‘jaliklarini ozuqa bilan ta’minlash hamda sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarga “Chinobod real biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yo‘lga qo‘yilgan intensiv baliq yetishtirish jarayoni bo‘yicha amaliy tajribalar namoyish etildi. Loyihaning afzalliklari, o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.
– Korxonamizning intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi asosida sohaga ilg‘or tajriba va texnologiyalar joriy etilmoqda, – deydi “Chinobod real biznes” MCHJ rahbari G‘ofurjon Sobirov. – Maqsadimiz baliqchilik sohasini rivojlantirish hamda Farg‘ona vodiysidagi baliqchilik xo‘jaliklarini forel chavoqlari bilan ta’minlashdir. Umumiy qiymati 30 milliard so‘mga teng loyiha doirasida 2 gektar maydondagi maxsus hovuzlarda intensiv usulda yiliga 2,5 million dona baliq chovoqlari, 200 tonna baliq go‘shti yetishtiriladi. Majmuamizda suvni biologik usulda tozalovchi bir hujayrali suv o‘ti – xlorella suspenziyasini yetishtirish laboratoriyasi tashkil etilgan. Xlorella yordamida tozalangan suv hosildorlikni 15-20 foizgacha oshirishga yordam beradi. Hovuzlarga suvni tozalovchi, sovituvchi va kislorodga to‘yintiruvchi maxsus jihozlar ham o‘rnatilgan.
Majmuada elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj quyosh panellari orqali olingan yashil energiya hisobidan to‘liq qoplanadi. Hovuzlardan chiqqan, ammiak, fosfor va kalsiyga tabiiy boyitilgan suv isrof qilinmasdan, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bu suvni tejash bilan birga, hosildorlikni oshiradi. Ushbu ilg‘or texnologiyani qo‘llagan holda 2 gektar maydonda an’anaviy usulda 100 gektarli suv havzasida yetishtirish mumkin bo‘lgan hajmdagi mahsulotni olish imkonini beradi.
Shuningdek, korxonada Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining zooinjeneriya baliqchilik yo‘nalishi talabalari uchun dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalarning ham nazariy, ham amaliy bilimlarini mustahkamlash uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, ushbu hamkorlik amaliy jarayonlarga, baliq parvarishiga ilmiy yondashishga yordam beradi.
Mutaxassislar tomonidan xo‘jalikda intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
– Ko‘rgazmali seminarda ishtirok etib, intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandim, – deydi seminar ishtirokchisi, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi “Farel namuna” baliqchilik xo‘jaligi ish yurituvchisi Akmaljon Norxo‘jayev. – Xo‘jaligimiz 10 gektar maydondagi ko‘lda yiliga 40-45 tonna baliq yetishtiradi. Seminarda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali baliq yetishtirishni bir necha barobar oshirish mumkinligini amalda ko‘rdik.
– Seminarga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurdik, – deydi Baliqchilikni rivojlantirish markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Qo‘ychiboyev. – “Chinobod real biznes” xo‘jaligida yo‘lga qo‘yilgan ishlar bilan tanishib, intensiv usulda baliq yetishtirish yuqori natijalar berishini amalda ko‘rdik. Qoraqalpog‘istondagi baliqchilik xo‘jaliklarida ham ilg‘or tajriba va texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldik.
Seminar yakunida yurtimizda baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, intensiv usulda baliq yetishtirish hajmini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, amaliyotga zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto)
O‘zA muxbirlari.