Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish, baliqchilik va baliq ovlash tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tabiiy va sun’iy suv havzalaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) baliq chavoqlarini yetishtirishni takomillashtirish bo‘yicha:
tabiiy va sun’iy suv havzalarini baliqlantirish uchun qimmatli baliq turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘maklashish;
lichinka ishlab chiqarish bo‘yicha yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, baliq chavoqlari yetishtirish bo‘yicha mavjud hovuzlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish;
b) tabiiy va sun’iy suv havzalarining resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha:
suv havzalari tashkil etish uchun yer uchastkalari berish masalalarida tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni ta’minlash;
baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini, shu jumladan, qafas usulini keng joriy etish hamda tabiiy va sun’iy suv havzalarida mahsuldorlikni ko‘paytirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini oshirish;
baliqlar uchun to‘la qiymatli, yuqori oqsilli ozuqalar ishlab chiqarish uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish yo‘li bilan baliqchilik tarmog‘ining ozuqa bazasini mustahkamlash;
v) baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha:
baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsion va eksport siyosatini izchil amalga oshirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda narxlar monitoringini olib borish;
tabiiy va sun’iy suv havzalaridagi baliq resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish, respublikada akvakulturani rivojlantirishni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish;
imtiyoz va yengilliklar berish, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb etish yo‘li bilan baliqchilik tarmog‘i tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish;
mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish, baliq mahsulotlari narxlari shakllanishining maqbul mexanizmini belgilash bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish, baliq mahsulotlarini eksport qilish hajmlarini ko‘paytirish;
xalqaro talablarga muvofiq sifat menejmenti tizimining zamonaviy usullarini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotni sertifikatlashtirish va standartlashtirishni, baliq mahsulotlarini sanoat yo‘li bilan qayta ishlash va qadoqlashni joriy etish;
baliq yetishtirish va uni qayta ishlash sohasida ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.
3. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi, uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar bo‘lgan tuzilmasi va hududiy “Baliqsanoat” MChJlarning namunaviy tuzilmasi 1, 2 va 3-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisiga zarurat bo‘lganda boshqaruv xodimlarining shtatdagi cheklangan umumiy soni doirasida ijro etuvchi apparat tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Quyidagilar:
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari muassislarning umumiy yig‘ilishi qarorlari bilan saylanadilar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadilar;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparati faoliyatini joriy ta’minlash va moliyalashtirish Uyushmaning a’zolari bo‘lgan tashkilotlarning badallari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
5. “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida investitsiya kompaniyasi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin va quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
hududiy “Baliqsanoat” MChJlarning ustav jamg‘armasini shakllantirish, baliqchilik tarmog‘idagi tashkilotlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish va ko‘paytirishga ko‘maklashish;
baliqchilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirish orqali baliqchilikni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishida hududiy “Baliqsanoat” MChJlarga ko‘maklashish;
maslahat, axborot-tahlil va marketing xizmatlari ko‘rsatish.
6. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari (keyingi o‘rinlarda hududiy “Baliqsanoat” MChJlar deb ataladi) va baliqchilik tarmog‘ining boshqa tashkilotlari “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining muassislari hisoblanadi;
“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan tashkil etilayotgan investitsion kompaniya, ustav jamg‘armasida kamida 51 foiz ulushi bilan hamda baliqchilik tarmog‘ining boshqa tashkilotlari hududiy “Baliqsanoat” MChJlarining muassislari hisoblanadi;
hududiy “Baliqsanoat” MChJlar va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining tashkil etilishi 4-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasini Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga belgilangan tartibda aylantirsin va uning filiallarini Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida va respublikaning boshqa hududlarida tashkil etsin.
8. Ilmiy-tadqiqot va seleksiya-naslchilik ishlarini, zamonaviy ozuqalar retsepturasini ishlab chiqish va baliqchilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish bo‘yicha boshqa tadbirlarni amalga oshirishni, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolashni, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalari shakllantirilishini moliyalashtirish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, tabiiy suv havzalari ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq miqdorda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2003-yil 13-avgustdagi 350-son qaroriga muvofiq Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida tashkil etilgan byudjetdan tashqari Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tugatilsin.
9. Hududiy “Baliqsanoat” MChJlarni va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha 5-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tashkil etilsin.
Ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki bilan birgalikda bir oy muddatda:
mazkur qarorning 4-ilovasiga muvofiq hududiy “Baliqsanoat” MChJlari va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilishini;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ustavi tasdiqlanishini va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga va shtatlar jadvaliga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar bilan puxta tanlash asosida to‘ldirilishini ta’minlasin.
10. Ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-2021-yillar davrida baliqchilik tarmog‘ini yanada kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratsin:
baliqchilik tarmog‘ining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish;
baliqlar uchun yuqori oqsilli ozuqalar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni barpo etish yo‘li bilan baliqchilik tarmog‘ining ozuqa bazasini mustahkamlash;
baliqlarning yuqori mahsuldor zotlarini joriy etish, baliq yetishtirish hajmlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, ichki ehtiyojni to‘liq ta’minlash uchun suv havzalarining sifatini yaxshilash va hosildorligini oshirish;
hududiy “Baliqsanoat” MChJlar negizida inkubatsiya sexlarini qurish, baliqlarni parvarish qilish joylarini, baliqni qayta ishlash va omuxta yem ishlab chiqarish bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan yanada samarali foydalanish, baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
respublika suv omborlaridan samarali foydalanish uchun baliq yetishtirish va ovlash ishlarini tashkil etish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan baliq yetishtirishning qafas usulini tizimli ravishda keng joriy etish;
baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga boshqariladigan narxlar bo‘yicha moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish, shuningdek, katerlar, qayiq va boshqa maxsus texnikalarni sotib olish;
baliqchilik mahsulotlari sifati menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, shuningdek, uni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar, shuningdek, baliqchilik tarmog‘i uchun ilmiy tadqiqotchilar, ixtiolog mutaxassislar tayyorlashning o‘quv rejalari hamda dasturlarini takomillashtirish va yangilash, kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda hududiy “Baliqsanoat” MChJlar buyurtmanomalari bo‘yicha sun’iy ko‘llar, chavoq yetishtirish va inkubatsiya sexlari qurish uchun yer uchastkalari ajratilishini;
baliq ovlash tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida tabiiy suv havzalarini 2018-yildan boshlab belgilangan tartibda doimiy ravishda tanho foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilishini ta’minlasinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
baliqchilik xo‘jaliklariga tabiiy suv havzalari uchastkalarini ajratish, baliqni sanoat yo‘li bilan ovlash, baliqchilik tashkilotlarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara to‘lovini hisoblash va undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
13. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ quyi bo‘linmalari bazasida baliqchilik tarmog‘ining, shu jumladan, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ishchilarining vaqtinchalik yashashi uchun maxsus vagonlar va qafas uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bir oy muddatda taklif kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
baliqchilik tarmog‘i uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash maqsadida Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik fakultetini tashkil etsin;
2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Arnasoy qishloq xo‘jaligi va transport kasb-hunar kolleji bazasida baliqchilik tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlashni hamda mazkur kollej Toshkent davlat agrar universitetiga biriktirilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda har yili oziq-ovqat bug‘doyi balansini shakllantirishda omuxta yem ishlab chiqarish uchun hududiy “Baliqsanoat” MChJlarga birja savdolari orqali sotish uchun bug‘doy ajratilishini nazarda tutsin.
16. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, hududiy “Baliqsanoat” MChJlari va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar 2023-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlari bo‘yicha yagona soliq to‘lashdan ozod etilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining asoslangan buyurtmalari bo‘yicha premikslar, veterinariya preparatlari, baliq chavoqlari, baliqni qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalarni, boshqa zarur materiallar va uskunalarni hamda maxsus texnikalarni sotib olish uchun mablag‘larning yetishmayotgan qismini konvertatsiya qilishni ta’minlasin.
18. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga Uyushmaning a’zolari manfaatlarini ko‘zlab da’volar taqdim etish, davlat organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan davlat boji to‘lamasdan sudga shikoyat qilish huquqi berilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmog‘ida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarining konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmog‘ida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “O‘zbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmog‘ida ishlash uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar bo‘lmagan taqdirda) O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasini Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Kichik Xalqa yo‘li ko‘chasi, 21 "a"-uy manziliga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilishini ta’minlasin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.R.Parpiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 1-may
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
Sh A R H
Keyingi yillarda respublikada aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, sifatli baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yilda qariyb 3 ming gektar yangi sun’iy hovuzlar tashkil etildi, ularda 900 taga yaqin yangi baliqchilik xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmoqda. Baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan 116 milliard so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2016-yilda 76 ming tonnaga yaqin baliq yetishtirildi, bu 2015-yilga qaraganda 16 ming tonna ko‘pdir.
Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, baliq chavoqlari ishlab chiqarish hamda tabiiy suv havzalari va sun’iy ko‘llardan samarasiz foydalanish baliqchilik tarmog‘ining eng zaif bo‘g‘ini hisoblanadi. Natijada sun’iy ko‘llarning hosildorligi bir gektarda 20 sentnerdan oshmaydi, bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha pastdir. Baliqchilik sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish va baliq yetishtirishning yuqori texnologik usullaridan foydalanish alohida e’tiborni talab qiladi.
Baliqchilikni yanada rivojlantirish va aholini keng turdagi va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlashdagi kamchiliklar, muammolar va mavjud imkoniyatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 27-aprel kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish chog‘ida ko‘rsatib o‘tildi.
Baliqchilik tarmog‘idagi bu muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etiladi, uning tarkibiga joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 ta hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati kiradi.
Baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror ko‘paytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sun’iy ko‘llarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, baliqchilik tarmog‘ida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida hamda respublikaning boshqa xududlarida uning filiallarini ochish belgilandi.
Tarmoq loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, maslahat, axborot-tahlil va marketing xizmatlari ko‘rsatish yo‘li bilan baliqchilikni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish uchun qarorda “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining investitsion kompaniyasini tashkil etish ma’qullandi va uning ulushi yangidan tashkil etilayotgan hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining ustav fondida kamida 51 foizni tashkil etadi.
Ilmiy-tadqiqot, seleksiya va naslchilik ishlarini moliyalashtirish, ozuqalarning zamonaviy retsepturalarini ishlab chiqish va baliqchilik tarmog‘iga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda ko‘maklashish, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash hamda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini shakllantirish maqsadida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasida Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasini, uning hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini va uyushma tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 2023-yilning 1-yanvarigacha urug‘, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlaridan yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar berilmoqda. Bunda bo‘shaydigan mablag‘lar, birinchi navbatda, belgilangan tartibda baliqchilik tashkilotlarini iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga, baliqchilik tarmog‘ining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Mazkur qaror bilan, shuningdek, baliq yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga, baliq chavoqlari bilan ta’minlashga, baliq yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yo‘naltirilgan 2017-2021-yillarda baliqchilik tarmog‘ini yanada kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Yuqori mahsuldor baliq turlarini iqlimlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hisobiga baliqlarning afrika laqqasi, tilyapiya, forel, vengriya sazani va osyotr turlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorlarga uzluksiz ravishda keng assortimentdagi arzon va sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Shubhasiz, bu yutuqlarga erishish uchun bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan va amaliy vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli hal etish talab etiladi. Ular jumlasiga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va suv omborlaridagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qafas usulida baliq yetishtirishni keng joriy etish, baliq yetishtiruvchi va baliq ovlovchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator kasb-hunar kollejlarining ixtisoslashuvini qayta ko‘rib chiqish va Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash fakultetini tashkil etish, bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va baliqchilik sohasida ishlash uchun chet el mutaxassislarini jalb etish kabi masalalar kiradi.
Qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi baliqchilik tarmog‘ining barcha sohasini qamrab oluvchi va uning jadal rivojlanishini ta’minlovchi yagona boshqaruv tizimi tashkil etilishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, baliq yetishtirish hajmlarini keskin ko‘paytirishga, respublika aholisining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga va sohaning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi.