Baliqchilik rivojida samarali hamkorlik
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi tomonidan Baliqchilik ilmiy markazi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Baliqchilik asoslari – loyihalarni rejalashtirish va hayotga tadbiq qilish” mavzuida trening tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 13 yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida baliqchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, baliqchilik va baliq ovlash xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, sohaga yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalangan holda intensiv texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha baliqchilik loyihalarni shakllantirish topshirig‘i berilgan.
Mazkur qaror ijrosi doirasida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda USAID ning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida hamkorlik asosida hududlarda turkum treninglar tashkil etish rejalashtirilgan. Uch kun davom etgan tadbirda baliqchilik korxonalari, talabalar hamda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari ishtirok etdi. Treninglar Xorazm viloyatidagi “Ummon baliq”, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Antiqa” hamda “Qoraqalpoqsanoat” baliqchilik xo‘jaliklarida soha mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Trening so‘ngida uch kun davomida loyiha mutaxasisslari amaliy tavsiyalar berish hamda loyiha bilan hamkorlikda ishlashga jalb qilish maqsadida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qator biliqchilik xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi va ularning ehtiyojlari o‘rganildi.
Ta’kidlanganidek, Orolbo‘yi mintaqasi Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab olib, Orol dengizining qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik va iqtisodiy muammolardan aziyat chekmoqda. Suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanish darajasining yuqoriligi hamda qum bo‘ronlari qishloq xo‘jaligi sektoriga salbiy ta’sir o‘tkazib, buning natijasida, mahalliy aholi daromadning yangi manbalariga ehtiyoj sezmoqda.
Besh yilga mo‘ljallangan hamkorlikdagi sa’y-harakatlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qo‘shimcha qiymat ko‘rsatkichini oshirish, ayollar va yoshlarni qamrab olish, ta’lim muassasalarining faoliyatini xususiy sektor talablariga moslashtirish hamda qishloq xo‘jaligi uchun qulay siyosiy qaror va chora-tadbirlarning joriy etilishiga ko‘maklashishga qaratiladi.
[gallery-6566]
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA