Onam o‘qituvchi, o‘ttiz yil bitta maktabda dars bergan. O‘n uch yoshimda dadam olamdan o‘tdi. Oilaviy sharoitimiz juda og‘ir edi. Yoshligimdan mehnatning ichidaman. Eng katta xazinam — qo‘limdagi hunarim...
Tadbirkor Abror Narziyevning hikoyasi unut bo‘layotgan tarmoqlardan biriga aylangan baliqchilik sohasining qayta tiklanishi va so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga nazar tashlashga undadi.
– Botqoq, o‘ydim-chuqur yerda baliqchilik klasterini tashkil qildim, deydi Abror Narziyev. – Bu joylarni kelib ko‘rganlar qo‘rqib, qaytib ketishgan. Ularning ko‘pchiligi sening bu rejangni amalga oshirishning aslo iloji yo‘q deyishgan. Lekin men qat’iy ishonganman. Zero, yurtimizning har qarich yeri tilloga teng. O‘tgan yili bir gektar yerdagi ko‘ldan 70 tonna baliq oldim. Har qanday ishga sidqidildan yondashilsa, katta natijalarga erishish mumkin. Masalan, yarim sotix joyda biz taklif etayotgan usulda 6 oyda 1 tonnayu 200 kg baliq yetishtirish mumkin. Bu 35 million so‘m pul degani.
Baliqchilikning rivojlanishi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash barobarida, aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun baliqni iste’mol qilishning minimal me’yor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyo miqyosida 1 kishi uchun 16,6 kilogrammdir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir kasalliklarida, qonda xolesterin darajasi ko‘tarilganda, kamqonlik, behollik va jismoniy zo‘riqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, ko‘rish qobiliyati sustlashganda baliq go‘shti koni foyda ekan. Bolalar baliqdan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishi natijasida kariyes, soch to‘kilishi, bo‘qoq dardlaridan forig‘ bo‘lar ekan.
bugungi kunda mamlakatimizda 3 ming 800 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar baliqchilik faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 avgustda qabul qilingan “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, baliqchilik sohasiga bir qator imtiyozlar belgilab berildi.
Mazkur qarorga muvofiq uzluksiz suv ta’minlash imkoniyati bo‘lgan sun’iy suv havza maydonlari mavjud bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklari bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirilib, baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 50 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Sohada faoliyat olib borishni istagan tadbirkor uchun bugun barcha eshik ochiq. Baliqchilik korxonalarini zarur texnika vositalari hamda ozuqa bilan ta’minlash choralarining amalga oshirilishi, ko‘l va suv havzalarining tadbirkorlarga uzoq muddatga ijaraga berilishi, imtiyozli shartlar asosida lizing va kreditlar ajratilishi tufayli baliqchilik xo‘jaliklari ko‘payib, mahsulot yetishtirish hajmi oshmoqda. bugungi kunda mamlakatimiz suv havzalarida 70 turdan ortiq baliq turlari tarqalgan bo‘lib, ularning ichida yalangbaliqlar soni 10 taga yetadi. Yangi tur Farg‘ona vodiysi Sirdaryo havzasining tog‘li mintaqalaridan kashf etilgan.
Hozirda respublikamizning barcha hududlarida baliq ovlash uchun ov mavsumi ochiq. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil boshida respublikamizda jami 144,1 ming tonna baliq ovlangan.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi O.Musayevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston sharoitida baliqning hamma turlarini yetishtirsa bo‘ladi. Faqat baliq turini muhitga qarab tanlash kerak. Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo kabi tog‘li hududlardan kelib, bizdan tajriba o‘rganishmoqda. Muzdek tog‘ suvida farel va losos baliqlari tez katta bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, baliqlar yetishtiriladigan hovuzlarni ohaklash, baliqlar kasalliklarini oldini olish, suvni kalsiyga boyitish, melioratsiya maqsadida o‘tkaziladigan majmuaviy biotexnik usul sanaladi.
– Baliq dunyo barometri hisoblanadi, – deydi Jizzax viloyati Aydarko‘l tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Eldor Abdullayev. – Shu bois, hamisha unga bo‘lgan qiziqish kuchli. Oilamizda ham tez-tez baliq iste’mol qilamiz. Baliq xo‘jaligi pok zaminni talab qiladi, bir-ikki yilda kutilgan natijaga erishish mushkul.
Kuchli vitaminlarni va baliq yeydigan o‘tni o‘z vaqtida berish kerak. Astoydil harakat qilgan tadbirkor, albatta, mehnatining rohatini ko‘radi. Shu paytgacha baliq boqib kambag‘al bo‘lgan tadbirkorni bilmayman. Shuning uchun Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlardan foydalanib, astoydil ishlash kerak. Baliq barakali, pokiza va halol mahsulot sanalgani uchun uning asosiga qurilgan biznesda ham baraka va unum bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA