Bahslar qizg‘in davom etmoqda
Andijon shahridagi Universal sport majmuasida shaxmat bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘yinlari davom etmoqda.
Chempionatning blits, rapid va standart yo‘nalishlari bo‘yicha o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 840 nafar yosh shaxmatchi oltita yosh toifalarida ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.

– Ayni kunda musobaqalar qizg‘in pallada, – deydi Andijon viloyati shaxmat federatsiyasi rahbari Mavjudaxon Karimova. – Har bir yo‘nalish, har bir yosh toifasi bo‘yicha bellashuvlar qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tmoqda. Yosh shaxmatchilar har bir partiyada o‘zlarining mahorati, mantiqiy fikrlashi hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etmoqda.


Chempionatda g‘olib bo‘lgan yosh shaxmatchilar Osiyo chempionatida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Bellashuvlar 30-aprel kuni yakunlanadi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.