Osiyo Olimpiya kengashi joriy yil Bahraynda o‘tkaziladigan III yoshlar Osiyo o‘yinlarining yakuniy sanasi, dasturlari va yosh toifalarini e’lon qildi.
Musobaqa OOK tomonidan rejalashtirilganidek, 22-31 oktyabr kunlari tashkil etiladi. O‘yinlar "Dakar-2026" o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenzion xarakterga ega bo‘lgani bois, sport dasturlari va uning yosh chegaralarida o‘zgarish kiritilgani ma’lum qilindi. "Bahrayn-2025" o‘smirlar o‘yinlari dasturiga 26 ta sport turi kiritilgan bo‘lib, ularning 13 tasi 2026 yili Dakarda tashkil etiladigan yozgi o‘smirlar Olimpiadasi dasturiga kiritilgan sport yo‘nalishlari hisoblanadi.

Osiyo Olimpiya kengashi ma’lumotiga ko‘ra, "Dakar-2026" yo‘llanmalari Bahrayndagi Osiyo o‘yinlaridagi yengil atletika, boks, futzal, stol tennisi, sohil kurashi, badminton, veloshosse, dzyudo, taekvondo, 3x3 basketbol, ot sportining konkur, suzish va triatlon yo‘nalishlarida o‘ynaladi. Sportchilarning yosh chegarasi 14-17 yoshni tashkil etishi nazarda tutilgan. III yoshlar Osiyo o‘yinlaridan joy olgan qolgan 13 sport turi, ya’ni tuyalarda poyga, golf, kabaddi, tekbol, og‘ir atletika, otlar marafoni, gandbol, aralash jang san’ati turlari, voleybol, kibersport, jiu-jitsu, muay-tay, sport kurashlari yo‘nalishlarida yosh chegarasi 15-18 yoshdan iborat bo‘lishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA