Bahorning soʻnggi kunlarida ochilgan markazlar...
Bu yilgi bahor oʻzgacha boʻldi.
Bu yilgi bahor oʻzgacha boʻldi. Biz avval kuzatmagan voqealar guvohi boʻldik. Karantin, pandemiya, oʻz oʻzini yakkalash ...
Bu jarayonlar oqimida bahor oʻtib ketganini ham sezmay qoldik.
Karantin sabab koʻpgina cheklovlar faqat va faqat fuqarolar salomatligini oʻylab tatbiq etildi.
Biroq, inson ehtiyojlarni cheklab boʻlmaydi. Xuddi shunday, davlat xizmatlariga boʻlgan talab oʻsishini ham butkul toʻxtatib boʻlmaydi.
Karantin boʻlishiga qaramay, fuqarolar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Davlat xizmatlari markazlari oʻz ish faoliyatlarini davom ettirdilar. Belgilangan tartib va qoidalariga amal qilgan holda faoliyat tashkil etildi.
Onlayn xizmatlardan foydalanish yana-da soddalashtirildi. Shunday boʻlsa ham, fuqarolarimiz bevosita markazlarga tashrif buyurgan holda ham xizmatlardan foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Yangi, zamonaviy binolarda barcha sharoitlar mavjudligi, keng va yorugʻ kutish zallari, barcha kerakli tashkilotlar bir joyda joylashganligi fuqarolarni ortiqcha sarsongarchilikdan xalos etmoqda.
Shunday zamonaviy va innovatsion markazlar soni kundan kunga koʻpaymoqda.
Qashqadaryo viloyatida shu kunga qadar foydalanishga topshirilgan Koson, Shahrisabz shahar va Shahrisabz tuman, Qarshi tuman hamda Qarshi shahar Davlat xizmatlari markazlarining qulayligini, avvalgi sharoit bilan farqlarini tashrif beruvchilar darhol sezishlari mumkin.
Bugun, birvarakayiga yana 3 ta tumanda YANGI, zamonaviy va innovatsion markaz binolari foydalanishga topshirildi. Bu oʻziga hos ijobiy rekord deb ham aytish mumkin.
Qamashi, Gʻuzor, Yakkabogʻ tuman aholisi uchun bahorning soʻnggi kunlarida ajoyib tuhfa boʻldi.
Har biri oʻzgacha dizayn va intererga ega. Barcha binolarda keng kutish zallari, kutubxonalar, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonalari, oʻzi oʻziga xizmat koʻrsatish zonalari kabi sharoitlarning barchasi muhayyo etilgan.
Qamashi tuman DXM davlat xususiy sherikchilik asosida qurib bitkazilib, tumanning 259500 nafar aholisiga yana-da tezkor va sifatli xizmat koʻrsata oladigan, tashrifchilar uchun har tomonlama qulay maskaniga aylanadi degan umiddamiz.
Tumanda joriy yilda shu bugunga qadar 10 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi. Xususan, mart-aprel oylarida 139 ta yangi tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazilganligi, tumanning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari kengligini koʻrsatmoqda.
Qamashi tumani DXM binosini foydalanishga qabul qilish tadbirida viloyatimizda xizmat safari bilan boʻlib turgan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Tursinxon Xudeybergenov, viloyat hokimi-senator Zoir Mirzayev hamda viloyat sektori rahbarlari ishtirok etdilar.
Gʻuzor va Yakkabogʻ tumanlaridagi avval foydalanilmay kelingan binolar qayta rekonstruksiyadan soʻng, shinam va zamonaviy koʻrinishga keltirilib Davlat xizmatlari markaziga aylantirildi.
Gʻuzor tumani DXM ning YANGI binosining umumiy maydoni 3545 kv.metrni tashkil etgan, barcha qulayliklarga ega ikki qavatli bino tuman aholisi uchun xizmat qilishga tayyor.
Avval tuman xalq qabulxonasi binosining 2 ta xonasida faoliyat olib borgan Gʻuzor tuman DXM tomonidan fuqarolarga taqdim etilayotgan xizmatlar soni kundan kunga oshib, tashrif buyuruvchilar soni ham ortishiga sabab boʻlmoqda.
Gʻuzor tumanida 2020-yilda, 11340 ta xizmat koʻrsatilgan, aynan mart- may oylarida 4574 ta xizmat koʻrsatilgan. Fuqarolar shu davr mobaynida asosan, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (STIR)ni aniqlash, kadastr pasportini tayyorlash, sudlanganlik(sudlanmaganlik) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun murojaat etishgan.
Yakkabogʻ tumanidagi foydalanishga topshirilgan shinam DXM binosi ham qayta rekonstruksiya qilinib, tumanning 252 mingdan ziyod aholisiga yana-da sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish uchun oʻz eshiklarini ochdi.
Yakkabogʻlik tadbirkor Qodirov Abdulatif yildan yilga davlat xizmatlaridan foydalanish osonlashib borayotgani, tadbirkorlar va fuqarolar uchun sodda va tushunarli boʻlib borayotganini taʼkidlar ekan, bu zamonaviy va keng binoda xizmat koʻrsatish sifati va tezkorligi yana-da oshiradi deya oʻz fikrini bildirdi.
Bunday markazga xorijlik hamkorlarni olib kelsang yuzing yorugʻ boʻlib, ish boshlaysan. Yurtimizdagi islohotlar natijasini chet elliklar investorlarga koʻrsatib bera oladigan ilk manzil bu Davlat xizmatlari markazidir!
DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati