Bahorning har kuni g‘animat
Mamlakatimiz dalalarida bahorgi yumushlar muhim pallaga kirdi. Yerga sifatli ishlov berish ertangi hosilning, mo‘l-ko‘lchilikning muhim omili ekanini yaxshi anglagan mirishkorlarimiz agrotexnika tadbirlarini uyushqoqlik bilan bajarmoqda.
Mamlakatimiz dalalarida bahorgi yumushlar muhim pallaga kirdi. Yerga sifatli ishlov berish ertangi hosilning, mo‘l-ko‘lchilikning muhim omili ekanini yaxshi anglagan mirishkorlarimiz agrotexnika tadbirlarini uyushqoqlik bilan bajarmoqda.Dehqonlarimiz chigit ekishga hozirlik ko‘rmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9-martda qabul qilingan 2015-yilda g‘o‘za navlarini joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, paxtachilik xo‘jaliklarida ertapishar “Namangan-77”, “Sulton”, “Buxoro-102”, “An-Boyovut-2”, o‘rtapishar “S-6524”, “Buxoro-6”, istiqbolli “Porloq-1”, “S-9085” kabi yigirmadan ortiq navni ekish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, kuzda shudgor qilingan dalalarda tuproq obi-tobida yetilishiga qarab erta bahorda boronalandi. Bu shudgorlangan yerning yuza qismi mayda donador bo‘lishi, namni uzoq saqlab turishi, begona o‘tlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.
– Kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda bahorda begona o‘tlar ko‘payishi mumkin, – deydi vazirlik paxtachilik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jasur Abdurayimov. – Bu chigit ekishga salbiy ta’sir etadi. Shuning uchun kultivatorlarga tirkalgan boronalar bilan begona o‘tlarning ildizlari tozalanadi.
Tuproq-iqlim sharoitiga qarab tukli chigit gektariga 45-60, tuksiz chigit 25-30 kilogramm ekilishi maqsadga muvofiq. Andijon viloyatida chigitni qo‘shqatorlab ekishda har gektarga, oddiy usulga nisbatan deyarli 1,5 barobar ko‘p ko‘chat bo‘lishi hisobiga 35-40 kilogramm urug‘lik sarflanadi. Chigit plyonka ostiga bir qator ekilganda tuksizlantirilgan chigit sarfi 25-30 kilogrammni tashkil etadi.
– Chigit qo‘shqatorlab ekilganda gektaridan 8-10 sentner qo‘shimcha hosil olinadi, – deydi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Dorozod kamar” fermer xo‘jaligi rahbari Mengli Aliqulov. – Bu usuldan foydalangan fermer xo‘jaliklarida rentabellik 10-15 foiz yuqori bo‘ladi. Biz ham yuksak marrani ko‘zlab, 35 gektar maydonda chigitning “Buxoro-102” navini ekishni boshladik.