
Salohiyatli kadrlarni tayyorlashda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni katta.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasini isloh qilishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, oliy ta’limga qamrov darajasi yildan yilga oshib, ta’lim sifati yanada yaxshilanmoqda. Jahonning ilg‘or tajribalari tizimga tatbiq etilayotir.
O‘zA muxbiri ta’lim tizimidagi islohotlar, kelgusidagi vazifalar yuzasidan Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon SHERMUHAMMADOV bilan suhbatlashdi.
– Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar yangicha islohotlar maydoniga aylandi, – deydi B. Shermuhammadov. – Ayniqsa, ta’lim sohasini tubdan yangilash, zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilib, maktabgacha ta’limdan, oliy ta’limgacha isloh qilinishiga erishildi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida o‘tgan qisqa vaqt ichida amalga oshirilan sa’y-harakatlar va ularning samarasi haqida alohida aytib o‘tish joiz.
Eng avvalo, respublikamizda 2030 yilgacha oliy ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi asosida tizim yangicha rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyunda oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar faoliyatimiz yo‘l xaritasini belgilab berdi.
Bunda oliy ta’lim muassasalariga qamrovni oshirish, kadrlar sifati, muassasa ilmiy salohiyati, ta’lim tizimiga innovatsion metodlarni joriy etish, zamonaviy, puxta bilimga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim masalalar qamrab olindi. Unda o‘tgan besh yilda olib borilgan islohotlar o‘z natijasini berishiga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Zotan, oliy ta’limni xalqaro mezonlar darajasida yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar OTM rahbarlari va professor-o‘qituvchilarining o‘z faoliyatiga tanqidiy nazar bilan yondashish, davr mas’uliyatiga mos faoliyat ko‘rsatishga ruhlantirmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz oldimizga yurtimiz istiqboliga daxldor muhim vazifalarni qo‘ygan ekanlar, ularda mamlakatimiz ta’lim taraqqiyotini ta’minlash ko‘zda tutilgani alohida ahamiyatlidir. So‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarining salohiyati va imkoniyatlarini yanada oshirish, o‘quv, ilmiy-innovatsion, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim dargohlariga talabalar qabuli 4 barobarga ortdi. Xususan, bugun Farg‘ona davlat universitetida ta’lim olayotgan yigit-qizlar soni 30 ming nafardan oshgani buning isbotidir.
Universitetimizda zamon talablariga mos, yangi – “Mevachilik va uzumchilik”, “Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik”, “Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish”, “Sotsiologiya”, “Arxivshunoslik”, “Sport faoliyati: kurash” kabi bakalavriat, “Ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi”; “Adabiyotshunoslik: rus adabiyoti”, “Arxeologiya” singari magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Uzumchilikni rivojlantirishda ilmiy asoslangan texnologiyalarni yurituvchi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, mevachilik va sabzavotchilik fakulteti ish boshladi.
Fakultet tarkibida mevachilik va uzumchilik yo‘nalishi ochilib, talabalarning mazkur tarmoqqa ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, klaster, qayta ishlovchi korxonalarda puxta amaliyot o‘tashlari ta’minlanmoqda. Oltiariq tumanida uzumchilik o‘quv tajriba xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, unda mahalliy va chetdan olib kelingan serhosil, istiqbolli navlar kolleksiyasi yaratilmoqda. Bu esa talabalar bilimlarini oshirish, uzumchilik sohasi bo‘yicha magistr va doktorantlarga ilmiy baza vazifasini o‘tamoqda. Endilikda uzumchilik va pillachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Vengriyaning yetakchi universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi natijasida ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlaydigan qo‘shma fakultet tashkil etilmoqda.
bugungi kunda 13 ta fakultet, sirtqi ta’lim va magistratura bo‘limlarida 47 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Hozirga qadar 80 dan ortiq xalqaro oliygohlar bilan ta’lim istiqboliga taalluqli shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo‘lgan oliygohimiz o‘z xalqaro faoliyatini yanada kengaytirish, dunyo oliy ta’lim tizimidagi yutuqlarni o‘zlashtirishda davom etmoqda. O‘tgan yil Rossiyaning Qozon federal universiteti bilan hamkorlikda rus tili filologiyasi yo‘nalishida qo‘shma fakultet faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani buning namunasidir.
Aytish kerakki, yakunlangan yil Farg‘ona davlat universiteti uchun ilmiy yuksalish yili bo‘ldi. Ma’lumki, otaxon oliygohimizning filologiya maktabi butun respublikada e’tirof etilgan, shu bois universitetda filologiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi ilmiy Kengash faoliyat olib borayotganiga o‘n yildan oshdi. Universitet huzurida biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy Kengash ham tashkil etildi. Hozirda universitet qoshida 6 ta ixtisoslik bo‘yicha Ilmiy kengashlar faoliyat olib bormoqda.
Farg‘ona davlat universiteti Yangi Renessans davriga munosib odimlar bilan kirib kelayapti deb, bemalol ayta olamiz. Birgina misol, o‘tgan yilda universitet olimlari tomonidan 51 ta dissertatsiyasi himoyasi amalga oshirilgan, ya’ni pedagoglarimizning 7 nafari doktorlik (DsC), 44 nafari esa falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Yana o‘ndan ortiq yosh olimlarimiz o‘z tadqiqot ishlarini himoya qilish arafasida. Bu esa 2021 yilda universitet ilmiy salohiyatida yuqori ko‘tarilish qayd etilganiga dalildir.
– Oliy ta’limga qabul kvotasi soni yildan yilga oshib bormoqda. Ammo universitetda talabalarni auditoriya, o‘qituvchilar, darsliklar, yotoqxona va boshqa narsalar bilan ta’minlashda muammolar bor. Buni qanday hal etish mumkin?
– To‘g‘ri, universitetimizda tahsil olayotgan talabalar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 8 ming nafardan ziyodga ko‘paydi. Aytib o‘tilganidek, talabalar qamrovi ortgani sari o‘quv binolari, darsliklar, talabalar yotoqxonalariga bo‘lgan ehtiyoj ortdi. Shuni inobatga olib, bu borada ham amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Muassasamizda zamon talablariga mos, qulay o‘qitish va ta’lim jarayonini olib borishni ta’minlovchi bunyodkorlik ishlarini olib borishga kirishdik. Ayni vaqtda bu jarayon qizg‘in davom ettirilmoqda.
Bugun Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ortida ta’lim sifatini yanada oshirish, talaba-yoshlarning zamonaviy sharoitlarda bilim olishiga imkoniyat yaratish maqsadi mujassam. Universitet rektorati binosida joylashgan anjumanlar zalining yangitdan rekonstruksiya qilingani ana shu ezgu maqsadga hamohang bo‘ldi. 160 o‘ringa mo‘ljallangan konferens-zal qisqa fursatlarda zamonaviy mebel va uskunalar, texnik jixozlar, yangi format va dizayndagi yoritgichlar, xususan, eng so‘nggi modeldagi interaktiv sensorli panel bilan jihozlanib, foydalanishga topshirildi. Universitetimizda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari olimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Al-Xorazmiy –VII” xalqaro ilmiy konferensiyasining bo‘lib o‘tishi zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etgan mazkur zalda tashkil etilgan ilk nufuzli anjuman sifatida e’tirof etildi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida universitetning barcha fakultet va bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash rejasi ishlab chiqilib, unga ko‘ra Pedagogika-psixologiya fakulteti o‘quv binosi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Sirtqi ta’lim bo‘limi, mevachilik va uzumchilik fakulteti o‘quv binolari qayta rekonstruksiya qilinib, talabalarga zamonaviy sharoitlar yaratildi. Farg‘ona shahrida joylashgan sobiq kompyuter texnologiyalari kolleji binosida qayta qurilish ishlari olib borilib, Filologiya fakulteti uchun zamonaviy o‘quv binosi sifatida foydalanishga topshirildi. Ayni paytda universitetning Tarix fakulteti binosida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Universitetning harbiy ta’lim fakulteti ham ana shunday bunyodkorlik maydoniga aylangan bo‘lib, u yerda harbiy texnikalar saqlanadigan boks va saf maydoni qurilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bu boradagi muhim ishlarimiz hali oldinda. Xususan, san’atshunoslik fakulteti uchun 1200 o‘rinli 7 qavatli yangi o‘quv binosi, Innovatsion o‘quv ishlab chiqarish texnoparki, 400 va 200 o‘rinli yangi, zamonaviy talabalar turar joylari, “Besh tashabbus xiyoboni”, “Faxriylar hiyoboni” bunyod etish, shuningdek, bir nechta ilmiy-amaliy markazlar tashkil qilish rejalashtirilgan. 2022 yilda bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
–Ma’naviyat sohasida katta tajribaga egasiz. Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini qanday tassavur etasiz, ma’naviyat zamon zaruratimi yoxud axloqiy tushuncha?
– Har bir xalqning yurak-yuragi, qon-qonida milliy ma’naviyat yashaydi. Elu xalqni bir bayroq ostida birlashtiradigan milliy g‘oya esa ana shu jon tomirlardan, ma’naviyatdan oziqlanadi. Dunyoning lider davlatlariga "rivojlangan, ilg‘or" degan tushunchalarning qo‘llanilishi bejiz emas, barchasi aniq belgilab olingan va butun xalqu millat birday qadrlaydigan mafkuraning qudrati aslida. Qolaversa, milliy tafakkur tirik ekan, jamiyatda oldinga siljish, o‘zaro birdamlik, mushtarak maqsad yo‘lida adolatli kurash ham bo‘ladi. Chunki umummilliy mafkuragina jamiyat a’zolarini birlashtirish vazifasini bajarishi allaqachon o‘z isbotini topgan.
Shu jihatdan olib qaraganda, bugun Yangi O‘zbekiston, Yangi Uyg‘onish ostonasida turib, ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillik g‘oyasi, milliy istiqlol mafkurasi bizga tog‘dek tayanch bo‘ldi. Xalqimiz o‘zining asriy orzusiga erishgach, endi o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olishi o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy, o‘z navbatida ma’naviy zaruratga aylandi. Biroq, qanchalik achchiq bo‘lmasin, xalqimiz uzoq yillar faqat balandparvoz shiorlardan iborat g‘oyaviy hayotni ham yashab o‘tdi. Biz bong urgan baxtli va farovon jamiyat haqidagi orzularning ko‘pi muallaq qolgan edi. Pirovardida Istiqlolga yetib, buyuk dovondan o‘tgan xalq uchun yangi va munosib g‘oya juda zarur ekanligi oydinlashdi.
So‘nggi besh yilda mamlakat tarixining yangi sahifalari bitilib, Vatanimiz misli ko‘rilmagan islohotlar maydoniga aylanganiga barchamiz guvohmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan da’vatkor g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgani, ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni tashlaganimiz tom ma’noda e’tirofga arzigulikdir. Eng muhimi, keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Mana shuning o‘zi xalqimizga ma’naviy tafakkur, ma’naviy kuch-qudrat qanchalik zarur ekanligini ko‘rsatadi.
"Har qanday mustaqil davlat mustahkam ma’naviy poydevorga ega bo‘lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi" degan purma’no so‘zlarning mohiyati aynan Yangi O‘zbekiston strategiyasi mohiyatiga shu qadar uyg‘undir. Yurtimizda “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumta’lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanini joriy etilgani, qolaversa, milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish, yoshlarda davlat ramzlariga bo‘lgan chuqur hurmat va mehr-muhabbatni, milliy g‘ururni shakllantirishga alohida ahamiyat berilayotganini ana o‘sha "ma’naviy poydevor"ni yaratish yo‘lidagi eng to‘g‘ri qadam deb baholash kerak
Yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganidan tortib, inson huquqlarining eng muhim sharti bo‘lgan shaxsning fuqaroligini tiklash bo‘yicha ham salmoqli qadamlar qo‘yildi, taraqqiyot kushandasi bo‘lmish illat – korrupsiyaga qarshi dadil kurashni boshladik. Eng asosiysi, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlangan ishlar ortga qaytmas tus olganini Prezidentimizning o‘zi ko‘p bora ta’kidladi. Bularning bari Yangi O‘zbekiston g‘oyasi barqaror tus olgani, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqimiz hayotida aks-sado berayotganidan dalolat emasmi?!
Eng muhimi, taqdirimiz va kelajagimiz shu davlat va jamiyat rivojiga bog‘liq ekanini chuqur anglab, bu tuyg‘uni amaliy harakatga, hayot tarziga aylantirar ekanmiz, Yangi O‘zbekistonning buguni, yaqin va o‘rta istiqboldagi taraqqiyotiga hissa qo‘shishga, Prezidentimiz boshchiligidagi taraqqiyparvar islohotlarga qalban yaqin bo‘lishga, shu yurt ravnaqi uchun yelkadosh, javobgar bo‘lishga qodir bo‘la olamiz.
Kirib kelgan yangi 2022 yil mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilindi. Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni Yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman. Barchaga sihat-salomatlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman.
Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
O‘zA muxbiri Ma’sudjon Sulaymonov suhbatlashdi.