16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
1997 yil BMT Bosh assambleyasi qaroriga ko‘ra, 16 noyabr “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida belgilangan. Bu sanani mamlakatimizda ham keng nishonlash yaxshi an’anaga aylangan.
Davlatimiz dunyo mamlakatlari orasida bag‘rikenglik xislatini yaqqol namoyon etayotgan yurt sifatida tanilgan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mas’ul xodimi Saodat Davlatova mamlakatimizning bu boradagi tajribasi, o‘zbek millatiga xos bag‘rikenglik haqida fikr yuritadi.
– Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaati, uning huquqi va erkinligini ta’minlash maqsadi mujassam. Fuqarolar manfaatini tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini yaratish orqaligina ta’minlash mumkin. Jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tushunchasi shakllanishi ildizi qadim davrga taqaladi. O‘zbek millati uchun, tarixan, ezgulikka intilish, sabr, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, bir-biriga nisbatan xayrixohlik ma’naviy qadriyatning tub mohiyatini anglatadi.
Ikkinchi jahon urushi vaqtida O‘zbekistonga 1,5 million kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Turli millat vakillari – bolalarni bag‘riga olgan Shoahmad Shomahmudovlar xonadonini butun dunyo biladi. Shu bois, har yili haftalik doirasida millatimiz timsoli, bag‘rikenglik, mehr-shafqat ramzi hisoblangan Shomahmudovlar oilasi monumenti poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Hozirgi kunda qo‘mita jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, do‘stona xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari bilan do‘stlikni mustahkamlash, davlat idoralarining, “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan foydalangan holda, respublika hududida joylashgan 156 milliy madaniy markazlar, 38 do‘stlik jamiyati va 98 xorijdagi vatandoshlar jamiyatlari bilan o‘zaro hamkorligini amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekistonda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat, elatlar vakillari o‘z ona tilida ta’lim olish imkoniga ega. 7 qardosh tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilayotgani, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilayotgani millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasidir.
Yurtimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan milliy madaniy markazlarning 500 dan ortiq faoli davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, orden, medallar bilan taqdirlandi, 14 nafari “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi, 500 dan ortiq mahalliy va xorijlik vatandosh‑fuqarolarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquq va hamjihatlikni mustahkamlashning qonuniy asosini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Xususan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston davlati o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tili, urf-odati va an’anasi hurmat qilinishini ta’minlashi, rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Bosh Qomusimizning 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinlikka egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi.
2022 yil “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida milliy madaniy markazlar va 16 diniy konfessiya faollari tomonidan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hududida “Bag‘rikenglik bog‘i”ga asos solinishi bilan bu yo‘ldagi ezgu va xayrli sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi yanada mustahkamlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hozir jamiyatning har bir jabhasida turli o‘zgarishlar yuz berib, globallashuv jarayoni shiddat bilan rivojlanib, jadallashib borayotgan bir paytda, yoshlarning vaziyatga moslashishi, tolerantlik tushunchasi shakllanishi, sabr-toqat, o‘zgalarga hurmat-izzat qaror topishiga talab tobora ortmoqda. Bu holat hozirgi davr jamiyati tuzilmasi ko‘p millatli, ko‘p madaniyatli va ko‘p e’tiqodli ko‘rinish olib, davr yoshlarida tolerantlik ongini shakllantirishga ehtiyoj ortishiga olib keladi.
Yoshlarimizning yurtimizdagi turli millatlar milliy madaniy markazlari umumxalq bayramlarida faol ishtirok etishi, ayniqsa, Mustaqillik bayrami arafasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Vatan bitta, Vatan yagona”, “Kuchimiz – birlik va hamjihatlikda”, “Millatlararo totuvlik – Vatanimiz tinchligi va gullab-yashnashi garovi” mavzularidagi festivallar, tadbirlar tashkil etilishi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida turli millat vakillari, jumladan armanlarning gul bayrami – “Vardavar”, bolgarlarning “Martinitsa”si, tatar va boshqirdlarning “Sabantuy”i, greklarning “Oxi”si, koreyslarning “Chxusok”i, polyaklarning hosil bayrami – “Dojinki”si, ruslarning “Rojdestvo”si, “Maslenitsa”si, nemislarning “Birdamlik kuni” O‘zbekistonda keng nishonlanadi.
Do‘stlik rishtasini mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar, qiziqarli ko‘rgazma, festival, forumlar, davlat darajasidagi bayram tantanalari, albatta, ko‘p millatli xalqimiz bilan birga nishonlanadi. Bunday tadbirlar O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlaydi.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova yozib oldi.