Munosabat

Bugungi globallashuv sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror rivojlanish yo‘lidan borib, yaxshi qo‘shnichilik, birodarlik ruhida samarali hamkorlik olib bormoqda. Ushbu ko‘p vektorli, konstruktiv islohotlar negizida mintaqani iqtisodiy taraqqiy ettirishdek manfaatli maqsadlar mujassam.
Ta’kidlash joizki, tarixiy mushtarakliklar sababli Markaziy Osiyo xalqlarini buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishda davlatlarimiz rahbarlarining bugungi pragmatik, bag‘rikenglik siyosati o‘zbek-qozoq munosabatlarini institutsional bosqichga ko‘tarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yilning 5-aprel kuni yurtimizga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning davlat tashrifi davomida ko‘plab sohalar qatori turizmni institutsional rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bu galgi uchrashuvning Xorazm viloyatida o‘tkazilishi ham aslida o‘ziga xos alohida mazmunga ega bo‘ldi. Ayniqsa, qadim Xivaning Ichan-qal’a majmuasidagi tarixiy obidalarni, madaniy obyektlarni ziyorat qilish chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, ta’lim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish ikki xalqni kelajakda yanada jipslashtirishiga omil bo‘lishi alohida e’tirof etildi.
Ma’lumki, hozirgi kunda O‘zbekistondan Qozog‘istonga mashina va transport uskunalari, oziq-ovqat, sanoat, kimyo, turli tayyor mahsulotlar hamda xizmatlar eksport qilinadi. Qozog‘istondan esa oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, don va o‘simlik moylari, sanoat, nooziq-ovqat xomashyo, mineral yoqilg‘i, mashina hamda transport uskunalari, kimyoviy moddalar va shunga o‘xshash mahsulotlar import qilinadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston jami eksporti tarkibida asosan uchinchi davlatlarga yetkazib beriladigan xomashyo (mineral mahsulotlar, rangli va qimmatbaho metallar va boshqalar) katta ulushni egallaydi. Shu bilan birga, xomashyo bo‘lmagan tovar obyektlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash, ayniqsa, har ikki davlat manfaatdor bo‘lgan tayyor mahsulotlarni ko‘paytirish istiqbollari daromadli ish o‘rinlari yaratilishiga zamin bo‘lmoqda.
Ikki mamlakatning tarixiy iqtisodiy dinamikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aslida 1997-yil 2-iyunda ikki tomonlama hukumatlararo erkin savdo shartnomasi imzolangan. Bundan tashqari, 2011-yil 18-oktyabrda MDH Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitim (ESXTB) ratifikatsiya qilingan. O‘zbekistonning 2013-yil 31-mayda MDH erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitimni qo‘llash to‘g‘risidagi protokolga qo‘shilishi ikki mamlakat uchun ulkan iqtisodiy manfaatlar olib keldi.
Ushbu huquqiy asoslar so‘nggi yillarda ikki davlatning savdo-iqtisodiy munosabatlarning o‘sishiga zamin yaratmoqda. Buni tovar ayirboshlashning sezilarli o‘sishida, o‘zaro manfaatli sarmoyaviy hamkorlikda, hududlararo va chegaradosh aloqalarni integratsiyalashda, ilmiy va ishbilarmon doiralarning hamkorligida ko‘rish mumkin.
2021-2022-yillardagi geografik yaqinlik, yaxshi yo‘lga qo‘yilgan infratuzilma mamlakatlarimiz o‘rtasida erkin savdo rejimini yuzaga keltirdi. Jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan ikki va ko‘p tomonlama bitimlar asosida bojxona to‘lovlari va erkin savdo cheklovlarsiz amalga oshirilib kelinmoqda. Qozog‘iston O‘zbekistonning uchta asosiy tashqi savdo-iqtisodiy sheriklaridan bo‘lib, 2023-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollarni tashkil qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar fevral oylarida mamlakatda tashqi savdo aylanmasi 9,9 milliard dollarni tashkil etib, 2023-yilning shu davriga nisbatan 940,3 million AQSH dollariga yoki 10,5 foizga oshgan. Pirovardida O‘zbekistonning iqtisodiy sheriklari o‘rtasida kuchli uchlikka qo‘shilib, Qozog‘iston 581 million dollar (5,9%) bilan ilgarilamoqda. Joriy yil boshidan umumiy tovar aylanmasi tarkibida O‘zbekiston Qozog‘istonga 166,2 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, 415,3 million dollarlik tovarlar importi amalga oshirildi.
Yuksak maqsadlarni ko‘zlab islohotlar olib borayotgan, aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qiladigan ulkan mintaqa davlatlari barqaror taraqqiyotga erishishda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyalari, ta’lim sifatini oshirish, akademik almashinuvni integratsiyalashtirish ustuvor ahamiyat kasb etishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu o‘rinda e’tibor qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasida oliy ta’lim sohasi yangi bosqichda xalqaro formatda taraqqiy etmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-martda imzolagan «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur qarorga asosan ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim va keyingi ta’lim sohasini xalqaro andozalarda rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirgan. O‘zbekiston-Qozog‘iston fan-ta’limining integratsiyalashuvi va ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mamlakatimizda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakolatli organ etib belgilangan.
Qozog‘iston Respublikasi bilan oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida hamkorlik bugun ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport logistika yo‘nalishlarini jadal rivojlantirish, tarmoqlar va sohalarni kadrlar bilan ta’minlashga asos bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat O‘zbekistonda qozoq tili va adabiyoti, Qozog‘istonda esa o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishni yo‘lga qo‘yishni ham o‘z ichiga olgan. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan sohasidagi innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Mamlakatlar hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy, energetika va suv resurslarini boshqarish, industrial loyihalar asosida qo‘shimcha qiymat yaratish borasidagi istiqbolli dasturlar qo‘llab-quvvatlanadi, konferensiya, seminar, mahorat darslari, olimpiadalar tashkil etiladi, ilmiy tadqiqotlar olib borilib, tijoratlashtiriladi.
O‘tgan 7-yilda institutsional islohotlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan 70 dan ortiq universitetlararo 230 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolanishi nazariy-amaliy hamkorliklarni jadallashtirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 6 ta oliy o‘quv yurtida qozoq tili va adabiyoti yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Xususan, mazkur OTMlarda umumiy o‘rta maktablar uchun kadrlar tayyorlanmoqda. Guliston va Qoraqalpoq davlat universitetlarida «Filologiya va tillarni o‘qitish: qozoq tili» bakalavriat yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan. Toshkent davlat pedagogika universiteti, NavGPI, Nukus davlat pedagogika instituti va Chirchiq davlat pedagogika universitetida bakalavriatning ona tili va adabiyoti, qozoq tili va adabiyoti yo‘nalishlarida 300 dan ortiq qozog‘istonlik yoshlar tahsil olmoqda.
Oliy ta’limda turizm sohasini chuqur ilmiy tadqiq qilish, talablar bilim-ko‘nikmasini amaliyotga bog‘lash va turizm infratuzilmalarni xalqaro standartlar asosida takomillashtirib borish, global tarmoqlarda keng targ‘ib qilish innovatsion jozibadorlikni oshirishga asos bo‘ladi.
Ulug‘ mutasavvif shoir Xoja Ahmad Yassaviy O‘rta Osiyodagi xalqlarni jamlab, turkiy tilli xalqlar faxriga aylangan, uning qozoq millatiga mansub shogirdlari yassaviya ilmini o‘rganib, O‘zbekiston tuprog‘ida mangu qo‘nim topgan.
Azaldan bir ochiq osmon osti — zaminda tug‘ilib, bir daryodan suv ichib yashagan et-u tirnoq ajdodlarimiz doimo o‘zaro bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zib kelgan, yaxshi-yomon kunida yelkadosh bo‘lgan.
Qardosh qozoq millatini xalq sifatida birlashtirgan uch ulug‘ zotlardan biri, «Jeti jarg‘i» qonunlar to‘plamini tuzgan qozoq elining bosh qozilaridan To‘labiy ham Toshkentda mangu qo‘nim topgan. Bu ham muqaddas zaminimiz bir ekanidan, ikki xalq do‘stligi abadiy ekanidan dalolat.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat manfaatlari va xalq farovonligini uzoq istiqbolda ko‘zlab olib borayotgan izchil, samimiy do‘stlik ruhidagi ulkan islohotlari yaqin kelajakda yanada yuqori natijalar berishi shubhasiz.
Sherzod QURBONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi, ekspert