“Bag‘rikenglik haftaligi” davom etmoqda
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham tashkil etilayotgan bayram tadbirlarida millatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik o‘z aksini topmoqda.
“O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostidagi bayram tadbirlarining asosiy qismi Jizzax shahridagi “Yoshlar shaharchasi”, “Yoshlar innovatsion markazi” hamda musiqali drama teatrida tashkil etildi. Tadbirlarda Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, viloyat shahar va tuman hokimliklari, keng jamoatchilik vakillari, talaba va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
“Yoshlar shaharchasi”dagi Jizzax davlat pedagogika universiteti hovlisida viloyatning shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan folklor-etnografik xalq ansambllari va ijrochi yoshlarning konsert dasturlari namoyish etildi.
“Yoshlar innovatsion markazi”da milliy kuy-qo‘shiqlar, insholar, eng yaxshi maqolalar, yosh rassomlar asarlari, milliy taomlar tanlovi o‘tkazilib, hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
[gallery-14614]
Bayram tadbirlarining asosiy qismi musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi. Teatr foyesida viloyatda faoliyat yuritayotgan qirg‘iz, tojik, rus, qozoq, tatar, koreys milliy madaniy markazlarining o‘zbek va o‘z ona tillaridagi kitoblar ko‘rgazmasi, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari namoyishi tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Latifjon Ahmadjonov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova va boshqalar yig‘ilganlarni samimiy qutladi. Prezidentimizning 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida yurtimizda har yili 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab “Bag‘rikenglik haftaligi” keng miqyosda nishonlanib kelinayotgani ta’kidlandi.
– Jizzax shunday hududki, barcha tumanlarda turli millat vakillari hamjihat, hamfikr bo‘lib istiqomat qilib kelmoqda, – dedi viloyat hokimining o‘rinbosari L.Ahmadjonov. – Masalan, Mirzacho‘l tumanida qozoq, Zomin va Baxmal tumanlarining tog‘li hududlari, shuningdek, Arnasoy va Do‘stlik tumanlarida qirg‘iz, Forish, Paxtakor, Yangiobod tumanlarida tojik, G‘allaorol tumani va Jizzax shahrida rus, tatar millatiga mansub yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning to‘yu ma’rakalari ham bir, quda-andachilik qilib, qiz berib, qiz olib bir xalq bo‘lib shakllanib ketgan.
Teatrdagi tadbirda yil davomida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashda faol bo‘lgan bir guruh hamyurtlarimiz tantanali ravishda taqdirlandi. Jumladan, “O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor!” shiori ostida o‘tgan “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi maqola”, “Eng iqtidorli qo‘shiqchi”, “Eng jozibali raqqosa”, “Eng yaxshi musiqa ijrochisi”, “Eng faol milliy madaniy markaz” va yana qator tanlovlar g‘oliblariga Jizzax viloyati hokimining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Tashkil etilgan konsert dasturi davomida turli millatlarga xos kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Bayram konserti yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Bu kabi tadbirlar joylarda davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari