Bag‘dodliklar hayotidagi unutilmas uchrashuv
Prezident tashrifidan so‘ng...
Bu yilning yozi – 27 iyul sanasi Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani ahli uchun unutilmas kun bo‘ldi. Bu xursandchilik, ayniqsa, Xitoy mahallasida o‘zgacha.
Davlatimiz rahbari iyul oyida shu mahallada bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi. Odamlar bilan dildan suhbatlashdi, ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ldi.
Mahalla hududi 72 gektar bo‘lib, bu yerda 2 ming 800 nafarga yaqin aholi yashaydi. Oilalar asosan hovli joylarda istiqomat qiladi. Aholi yerdan unumli foydalanish hadisini olgan. Tomorqalarda dehqonchilik qilinadi. So‘nggi yillarda chorvachilik va parrandachilikda daromad keltiradigan tarmoqqa aylandi. Ayni paytda mahallada baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari ketmoqda. Hudud ayollarining aksariyati esa tikuvchilik bilan shug‘ullanadi.
– Prezident kelib ketdi, lekin suhbatdan olgan taassurotlarimiz, ko‘tarinki kayfiyatimiz pasaygani yo‘q, – deydi Abdug‘affor ota Halilov. – O‘z xonadonimda yurtning tashvishiga yelkasini tutgan inson bilan bir piyola choy ichdim. Tanam kuchga to‘ldi. Shu yerda davlatimiz rahbari mas’ullarga topshiriqlar ham bergan edi. Bugun ularning ijrosini ko‘rib xursandmiz. Mahallamizdagi besh nafar o‘g‘il-qizlarimiz prezidentimizning tavsiyasi bilan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Ularning xursandchiligini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Barchasi vatanimizga xizmat qilamiz deb, shasht bilan harakat qilishmoqda. Mahallamizdagi muammoning o‘zi yo‘q. Men sizga aytsam, ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromad manbalarini oshirish mahalla farovonligini ta’minlaydi. Bir narsani maqtanib qo‘yay, o‘tgan bir yilda biz yashayotgan hududda birorta jinoyat sodir etilmadi. Bu ham hamma ishning joy-joyidaligining belgisida.

Abdug‘affor ota va Ra’noxon ona shu xonadonda bir o‘g‘il, to‘rt qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Bugun ular dilbandlari ardog‘ida. Hovlida ba’zi kunlar farzand va nabiralar jam bo‘lganda to‘y bo‘layotganday manzara paydo bo‘ladi.
O‘n uch sotixli bu hovlidan unumli foydalaniladi. Ko‘katlar ekib qo‘ilgan. Har-xil mevali daraxtlar hosil berib turibdi. Vatan ichra vatan – bu xonadonda xurramlik hukmron.
Mahalla hududida o‘ndan ortiq savdo do‘konlari, yigirmaga yaqin tikuvchilik sexlari ishlab turibdi. Bir qancha sartaroshxona, chilangarlik, hunarmandchilik ustaxonalari va mebel ishlab chiqarish korxonalarida yoshlar doimiy ish bilan band.
So‘nggi yillarda mahalla qiyofasini yaxshilash hamda obodonlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 4,5 kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizildi. Yarim kilometr masofaning elektr simlari yangilandi, ikkita transformator o‘rnatildi.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA