Bag‘dod mahallalarida infratuzilmani yaxshilash e’tiborda
Farg‘ona viloyatida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va xavfsiz “to‘siqsiz muhit” yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Bag‘dod tumanidagi Chuvalanchi mahallasida bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasini ko‘rish mumkin. 3 ming 500 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahallada infratuzilmani yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, hududda piyodalar uchun xavfsiz yo‘laklar tashkil etish, velosiped yo‘llarini barpo qilish, jamoat joylarini nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun moslashtirish kabi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlar davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida olib borilayotgani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-28756]
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday tashabbuslar nafaqat aholining jismoniy faolligini oshirish, balki jamiyatda inklyuziv muhitni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA