Bagʻrikenglikda osmonday adib edi
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yoʻlini oʻylasam, qalbim entikib-entikib, nurli hislarga toʻlib, guvrangandan guvranib ketadi.
Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yoʻlini oʻylasam, qalbim entikib-entikib, nurli hislarga toʻlib, guvrangandan guvranib ketadi.
Bunday baxtli taqdir oʻzbek adabiyoti sahifalarida kamdan-kam uchraydi. Ona Oʻzbekistonda asriy orzular roʻyoblanib, istiqlol qoʻlga kiritilganda sevimli adibimiz 72 yoshda edi. Hayotning achchiq mevalarini rosa totib koʻrgan, Jezqozgʻon lagerlarida xavfli mahbus sifatida azoblarga giriftor etilgan adibning oʻzi 72 yil umr koʻrishiga sira-sira ishonmas edi.
Allohning karami keng ekan: “Borsa kelmas” lagerida 4 yil azob chekkan, keksalik chogʻida mehr bilan bagʻriga oldi – 87 yil umr berdi. Bu umr ham adabiyotimiz tarixida noyob voqealardan. 72 yil azob uqubatlar bilan kutgan – istiqlol baxtiga erishgan yozuvchi yoshlardek yana yeng shimarib ijodga berildi. Istiqlol quyoshidan yuragi nurlangan adib yana 15 yil yashab, quvnoq, joʻshqin xajviyalar, dilbar lirik hikoyalar yaratdi. “Xandon pista”, “Bir oʻpichning bahosi” va “Yoʻqotganlarim va topganlarim” kabi kitoblari, yangi saylanma asarlari chop etildi. Ayniqsa, “Yoʻqotganlarim va topganlarim” esse – xotiralar kitobi oʻzbek adabiyoti tarixida noyob asar boʻldi.
Biz mazkur maqolamizga bekorga “Bagʻrikenglikda osmonday adib” deb sarlavha qoʻymadik. Agar adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Said Ahmaddek koʻngli keng va saxiy birorta ijodkorni uchrata olmaysiz.
“Yoʻqotganlarim va topganlarim”ni varaqlar ekanmiz fikrimizga tap tortmay qoʻshilasiz. Unda 16 yozuvchi va shoirning hayoti haqida gʻoyat teran va tesha tegmagan xotiralar berilgan. Mazkur xotiralar kitobi haqida oʻylarkansiz xayolingizga adabiyotshunos olim Umarali Normatovning mana bu fikrlari keladi: “Yoʻqotganlarim va topganlarim” turidagi kitobni faqat Said Ahmadgina yozishi mumkin edi. Bu kitob adabiyotimizning mashʼum totalitar rejim zamonlari bosib oʻtgan mashaqqatli va ziddiyatli yoʻli, adiblarimiz qanday ogʻir sharoit va vaziyatlarda yashab ijod etgani, oʻshanday zamonlarda ham asl insoniy fazilatlarini saqlab qolgani, noyob badiiy durdonalar yaratishga erishgani toʻgʻrisida haqqoniy tasavvur beradi”.
Kitob ustoz, akademik shoir Gʻafur Gʻulom haqidagi “Nazm chorrahasidan reportaj” sarlavhali umumiy xotiralar bilan boshlanadi. Shu yerda kitobning badiiy qiymatini yana-da oshirgan nuqtadonlikni aytsak. Unda har biri adabiyotimiz tarixida shov-shuv voqea boʻlgan “Yigitlar”, “Vaqt”, “Baxt tongotari”, “Xotin”, “Siyohdon”, “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” sheʼrlarining tugʻilishi va yozilish tarixi va hatto yozilish jarayonlari voqealari haqqoniy yoritilgan.
Gʻafur aka yozishdan tinmasdi. Hammaning ogʻziga tushgan “Koʻkan”dan keyin “Ikki vosiqa”, “Toʻy” degan dostonlarni yozdi. Adabiyot ishqibozlari bu dostonlarning magʻzini chaqib ulgurmayoq, oʻnlab hikoya, ocherk, felyetonlar ijod qildi. Oʻttiz oltinchi yilga kelib u birdan ikkita katta qissani eʼlon qildi. Biri “Yodgor”, biri mashhur “Shum bola”.
“Guliston” jurnali “Yodgor”ni bosa boshladi. “Mushtum” esa butun yil boʻyi “Shum bola”ning sarguzashtlari bilan toʻldi.
“Yoʻqotganlarim va topganlarim”ni qizgʻin varaqlar ekansiz, Gʻafur Gʻulom jafokash, hech qachon nolishni bilmagan xotiniga bir dunyo sheʼrlar bitgan shoir edi. U sheʼrlar shoirning ich-ichidan qoʻshiqdek otilib chiqqan misralar edi.
Jonlanib oʻzing ayt, qaysi soʻz bilan,
Sening maqtovingni kuylayin, qogʻoz!
Doʻstim Muharramga oshiq koʻz bilan,
Bir umr termuldim, ikkoving mumtoz.
Shoirning qizi Olmos qattiq betob. Moskva shifoxonasida koʻkka koʻz tikib yotibdi. Yonida onasi. U mijja qoqmay tonglarni ottiradi. Gʻafur Gʻulom rosa iztirobda. U ozib, yuzida ajinlar koʻpayib qolgan. Moskva unga bir qadam.
Kitobning 91 sahifasidan “Yelkasini haqiqat silagan ijodkor” sarlavhali xotiralar boshlanadi. 56 sahifadan iborat bu xotira esselar Said Ahmadning sevimli ustozi Abdulla Qahhorga bagʻishlangan. Ularni oʻqirkansiz koʻz oldingizda oʻta-oʻta haqiqatgoʻy, adabiyotning kuchi atomdan zoʻrligini amalda ulugʻlagan badiiy soʻz ustasini koʻrasiz.
Ilk hikoyasi “Tortiq” bilan Said Ahmad Abdulla Qahhordan “tarsaki” yegan yozuvchi. Shunday boʻlsa ham u Abdulla Qahhorni mahkam tutardi. Uning har bir soʻzi, har bir satri moʻtabar darslik boʻlganini kitobda mehr bilan qayta-qayta taʼkidlaydi. “Abdulla aka oʻsha kezlarda goʻzal hikoyalar yozardi. Oʻqib qoyil qolardim. Qandoq qilsam oʻshanaqa hikoya yozaman, deb oʻylardim. Chexovning hamma kitoblarini yigʻib keldim. Hijjalab oʻqidim, baribir hech narsaga tushunmadim. Ruscha bilmagandan keyin nimasiga ham tushunardim”.
“Tortiq” hikoyalar toʻplamida Abdulla Qahhor Said Axmadni patlari toʻzgʻigan qushday qilib, koʻzlariga dunyoni qop-qora qilib tashlaydi. Ana shunday yozuvchi 1962-yil yozilgan “Ufq” romaniga yozilgan “Ilhom va mahorat samarasi” maqolasi bilan uni siylaydi. “Bu sof hayot, yozuvchining qalbini oʻrtagan, ardoqlagan, unga ilhom bergan hayot tasviri”, deya romanni boshqa yozuvchilarga koʻz-koʻz qiladi.
Said Ahmad bir umr ustozi Abdulla Qahhor bilan hampay, hamroh boʻldi. Uchrashuvlarga birga bordi. 1979-yildan to umrining oxirigacha qishin-yozin Abdulla Qahhorning Doʻrmondagi bogʻ hovlisida tanholikda kechirgan hayoti gʻaroyib jumboqdir.
Asardagi “Dilbar shoir edi” sarlavhali esse otashin shoir Maqsud Shayxzodaga bagʻishlangan. Unda gʻoyat qiziqarli voqealar faqat Said Ahmad qalamiga xos uslubda yozilgan. Maqsud Shayxzoda – Ozarbayjon xalqining farzandi. U vaqtida bir arzimas voqea tufayli Toshkentga surgun qilinadi. Uni Usmon Yusupov “xalq dushmani, millatchi emas”, deya qamoqdan chiqargan. Qamoqdan ozod boʻlgan Maqsud Shayxzoda bagʻrikeng oʻzbek xalqini tashlab ketolmaydi.
Uzoq yillar davomida Toshkent davlat muallimlik institutida oʻqituvchilik qildi. U Oybek va Gʻafur Gʻulomning qadrdon doʻsti edi.
Oʻzbek adabiyotida shoir Mirtemir yorqin iz qoldirgan. U ustozi Oybekka oʻxshab koʻp ishonuvchan, sodda, chuv tushirish oson odam edi. U sodda boʻlsa-da, partiyadan koʻngli koʻp zada edi. Mirtemir domla qamalib “Moskva – Volga” kanali qurilishida Beriya qamchisi ostida ishlab qaytgandan keyin ham roʻshnolik koʻrmadi, kosasi oqarmadi.
“Yoʻqotganlarim va topganlarim”dagi shoir Shuhrat haqidagi esse ham dardchil yozilgan. Bu xotiralarga yozuvchi “Uch mungli qoʻshiq”, deya sarlavha qoʻygan. U mashhur “Shinelli yillar” romanini tugatish arafasida shaxsga sigʻinish ofatiga uchradi. Tikanli simlar ortida sabot va matonat bilan kun kechirdi. Besh yillik xoʻrliklar tugab, ona Oʻzbekistonga qaytdi.
“Shinelli yillar” tugab, kitobxon qoʻliga tegdi. Roman “Voyenizdat” nashriyoti tomonidan rus tilida 100 ming nusxada bosib chiqarildi. Ogʻir va mashaqqatli mehnat tantana qildi.
Oʻzbek adabiyotining nodir sahifalariga nazar tashlar ekansiz, baxtiyor oilaviy juftliklarning hayot yoʻli, matonatiga qoyil qolasiz. Zulfiyaning sozi baxt tarannumini toʻlib-toshib kuylayotganda “oʻlim xanjari” bir umr baxtsizlikka aylantirdi. Otashin shoira 35 yoshida hayotdan judo boʻlgan Hamid Olimjon ishqida oʻtli misralar bitdi.
Ulkan qalb sohibasi, zukko olima Zarifaxonim Saidnosirova nodir isteʼdod egasi Oybek bilan hamisha birga boʻldi. Injiqliklarini bardosh bilan koʻtardi. Yozuvchi tildan qolib, qoʻli qalam tutolmay qolgan paytlari umr yoʻldoshiga ham til, ham qalam boʻldi – pichirlab aytmoqchi boʻlgan fikrlarini qogʻozga tushirdi. Vafotidan keyin esa jasorat bilan “Mening Oybegim” kitobini yaratdi.
Mashhur L.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan Kibriyoxonim Qahhorova esa olmos isteʼdodli yozuvchi Abdulla Qahhor bilan matonat bilan yashadi. Yozuvchining Moskvadagi ogʻir xastalik damlarida doimo tepasida turdi. Vafotidan keyin esa “Chorak asr hamnafas” xotiralar kitobini yozdi.
Ulkan qalb egasi boʻlgan Said Ahmad umr yoʻldoshidan yolchigan edi. U “Yigirma yetti yil tiriklikning goh nurli, goh nursiz yoʻllarida birga hamroh boʻldi”. Said Ahmad nohaqdan qamalib ketgach, toʻrt yil uni matonat bilan kutdi. Said Ahmad qamoqdalik davrida shoira Saida Zunnunovaning boshiga ham ogʻir koʻrguliklar tushdi. Uning oldiga “sen xoin eringdan kechasan”, degan zulmli taʼqiblarga duch keldi. Ish berishmadi, yozgan sheʼr hikoyalari ham “qatagʻon”ga uchradi.
Shoira sekin, xuddi shivirlagandek sheʼr oʻqiydi. Sheʼr Said Ahmadga bagʻishlangandi:
Eshik tirqishidan bir chiziq yonib,
Oftob boʻlib kirib yoritar xonam.
Mashinkang chiqqillar, toʻxtaydi baʼzan,
Bilaman chekayapsan, chekayapsan ulab.
Koshki ochib qoʻysa deb derazani,
Kamroq cheksa-chi, deb boʻlaman xunob.
Xonangni tutundan poklash dardida,
Bedor oʻtiraman sendan narida.
Mazkur kitobdagi “Shoiraning feruza olami” xotiralarini mutolaa qilarkansiz diydangiz bardosh berolmay beixtiyor koʻzingizga yosh keladi.
Qahramon yozuvchining dunyosi keng, koʻngli oyday ochiq edi. Adabiyotga haqiqiy iqtidor bilan kirib kelgan yoshlarni eʼzozlar edi. Togʻay Murodning adabiyotga toshqin selday kirib kelishi unga shunday quvonch hadya etdi. Otaxon yozuvchi “Togʻay Murod qoʻshiqlari” degan qoʻshiqday esse yozdi. Bu haqda Togʻay Murod undan bir olam minnatdor boʻlib bergan intervyusida shunday deb eslaydi: “Hurmatli yozuvchimiz Said Ahmad bir kitobimizga yozgan soʻz boshida “Togʻay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi”, deb yozdi.
Siz ushbu bahoni qanaqa qabul qildingiz?” degan savolga shunday javob qiladi. “Men bu gapni Said Ahmadona mardlik va halollik deb qabul qildim. U Togʻay Murod oʻzbek tilini kuylatdi. Oʻzbek tilining jami jilvalarini oftobga solib koʻrsatdi”, deb yozdi. “Har bir asarimni halollik bilan koʻz-koʻz etib, ulugʻladi. Said Ahmad ana shu halolligi, ana shu mardligi uchun, mana, toʻqson yoshni qoralab boryapti”.
“Yoʻqotganlarim va topganlarim” juda ajoyib, juda goʻzal kitob. Undagi Toshpoʻlat Hamid, Asqad Muxtor, Turob Toʻla, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Neʼmat Aminov, Maqsud Qoriyev kabi shoir va yozuvchilar haqidagi esse va ocherklar ham faqat Said Ahmadona iqtidor bilan yozilgan.
“Yoʻqotganlarim va topganlarim” juda ajoyib, juda goʻzal kitob. Undagi Toshpoʻlat Hamid, Asqad Muxtor, Turob Toʻla, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Neʼmat Aminov, Maqsud Qoriyev kabi shoir va yozuvchilar haqidagi esse va ocherklar ham faqat Said Ahmadona iqtidor bilan yozilgan.
Toshtemir TURDIYEV,
Surxondaryo viloyati Denov tumani
maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi rahbari,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi