Aytish joiz, Buxorodagi o‘ziga xos qadamjolar va zamonaviy uslubdagi binolar shaharga o‘zgacha fayz va tarovat berib borish barobarida, bu yerni ko‘rish uchun oshiquvchi sayyohlar ham kun sayin ko‘paymoqda. Sayyohlarga qulaylik yaratish borasidagi ishlar yanada rivoj topmoqda. Bunda mehmonxonalarning o‘rni alohida ahamiyatga ega.
Kuni kecha shaharning markazida joylashgan zamonaviy “Badyan” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Tantanali ochilish marosimiga Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov ishtirok etib, yig‘ilganlarni majmua bilan qutladi.

– “Badyan” mehmonxonasi 20 ta xona, 40 o‘rindan iborat, – deydi mehmonxona rahbari Shirin Yakubova. – Zamonaviy mehmonxona ham milliy, ham zamonaviy ruhda jihozlangan. Shahrimizga keluvchi sayyohlarga mehmonxona manzur bo‘ladi.

Viloyatga o‘tgan davrda 1 million 588 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali turizm eksporti 397 million AQSH dollarga yetgan. Shu bilan birga, respublika hududlaridan 3,8 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri