Adabiyot orqali dunyoning ma’lum bir xalq vakillari va ularning qadriyatlari haqida bilsa bo‘ladi.
O‘zbek adabiyoti azaldan turli millat vakillarining rang-barangligi bilan ajralib turgan va bu uning noyobligidan dalolat beradi. Turli davrlarda Maqsud Shayxzoda, Aleksandr Faynberg, Raim Farhodiy va ko‘plab adiblar o‘zbek adabiyoti rivojiga hissa qo‘shib kelgan. Bu iste’dodli shoir va yozuvchilar butun ijodini jonajon diyorimiz – O‘zbekistonga bag‘ishladilar.

Saxovatli o‘zbek zaminida turli millat vakillari bunyodkorlik ishlarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Bugungi kunda avvalgi avlod o‘rnini o‘ziga xos qarash va yozish uslubiga ega yangi avlod egallamoqda.
Artyom Goroxov - yozuvchi, nosir, publitsist, "Geroy ponevole", ("Qahramon bo‘lishni xoxlamagan"), "Virus", "V podarok smert" ("Sovg‘aga o‘lim"), "Krыsы" ("Kalamushlar"), "Svoy sredi chujix" ("Begonalar orasidagi qadrdon"), "V petle" ("Sirtmoq"), "Teodor Elovor", "Bek-Flesh-Forvard" romanlari muallifi. U Chimyon tog‘lari etagidagi gidroelektrik shaharchasi – Chirchiqdagi o‘zbek mahallada voyaga yetdi. Bu esa unga o‘zbek tilini mukammal o‘rganish, uni o‘z ona tilidek bilish imkonini berdi. Maktab davrida MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro adabiyot olimpiadasida qatnashib, Artyom Goroxov qisqacha nasr tanlovida birinchi o‘rinni egalladi. So‘ng maktabni a’lo baholarga tamomlab, O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kirdi va yuridik fakulteti bakalavr darajasini oldi. Hozirda u Sinergiya universitetida psixologiya bo‘yicha magistraturada tahsil olmoqda va Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV) filialida faoliyat yuritmoqda.

A.Goroxov yetti romandan tashqari 100 dan ortiq qisqacha nasriy asarlar yozgan, ular “Chirchiq”, “Svoy”, “Darakchi” davriy nashrlarida hamda “Zvezda Vostoka” jurnalida chop etilgan. Shuningdek, A.Goroxov “Fuqarolik jamiyati”, “Demokratiya va inson huquqlari”, “Qalqon”, “Jamoatchilik fikri va inson huquqlari”, “Postda” nashrlarida mamlakat va jamiyat taraqqiyotiga oid turli mavzudagi maqola va sharhlar muallifidir. Yozuvchining ayrim hikoyalari, jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining diplomlari bilan taqdirlangan.
A.Goroxov faoliyat sohasi adabiyotdan yiroq bo‘lishiga qaramay, u doimo kitob mutoalaa qiladi, ijoddan to‘xtamaydi.

- Men o‘zimni so‘z ustasi deb hisoblamayman, hech qachon fikrimni ifoda etishni, gaplar tuzishni o‘rganmaganman, lekin doimo kitob o‘qishga qiziqqanman. Shu-shu menda yozishga qiziqish paydo bo‘ldi, – deydi A. Goroxov. – Fantastikani yaxshi ko‘raman, ayrim asarlarim realizm janrida yozilgan. Lekin men uchun asosiysi o‘zimni hayajonga solayotgan fikrlar, g‘oyalar, taassurotlarni o‘quvchiga yetkazish, ularni o‘ylashga chorlash. Asarlarimni tahrir qilishni yoqtirmayman, shuning uchun hatto 10 yil oldin yozilgan narsalarni ham asl shaklida chop ettiraman. O‘shanda men shunday fikrlaganman, shuning uchun biror narsani o‘zgartirishga ehtiyoj yo‘q deb o‘ylayman.

Artem Goroxovning adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi e’tibordan chetda qolmadi. U xalqaro va respublika adabiy tanlovlari laureati va sovrindori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Rus adabiyoti kengashi qoshida tuzilgan Yosh mualliflar seminari rahbari. Ijodiy seminarning moderatori sifatida A.Goroxov ijodkor yoshlar bilan muloqotda bo‘ladi.
– Yosh ijodkorlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilayotgan barcha tanlov va tadbirlardan xabardor, – deydi A.Goroxov. – Yoshlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rasmiy tadbirlarida ham, ART-kafelarda o‘tadigan norasmiy uchrashuvlarda ham qatnashishga intiladi. Keksa avlod vakillari esa bu borada ancha konservativ. Pandemiya davrida Rus adabiyoti kengashi karantin cheklovlari tufayli onlayn formatda tashkil etilgan Yosh mualliflar seminariga asos soldi. Ushbu muloqot platformasi hali ham faol va onlayn uchrashuvlardan tashqari biz jonli tadbirlarni ham o‘tkazib kelyapmiz.
2020 yilda Moskvada A.Goroxovning birinchi kitobi — “Geroy ponevole” fantastik romani nashr etildi. O‘sha yili “Zvezda Vostoka” jurnalida chop etilgan “Igra v otkrыtuyu” romani o‘quvchi va tanqidchilar tomonidan ijobiy baholandi. Uning asarlari chet elda ham nashr etilgan: Amerikaning "Chayka" adabiy jurnalida muallifning pesasi va Rossiyaning "Litssotы" jurnalida hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

O‘tgan yili Artyom Goroxov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Rus adabiyoti kengashini boshqara boshladi. Ilgari bu ishni atoqli bolalar shoiri, marhum Raim Farhodiy bajarib kelgan.
– O‘zbekistonda rus tilidagi adabiyot o‘ziga xos tarixiy-madaniy hodisadir, – deydi A.Goroxov. – Bu turli sharoitlarda yurtimizda yashab, ijod qilgan jahonga mashhur adiblar tufayli vujudga keldi. O‘zbekistonda rus tilidagi adabiyotni saqlab qolish maqsadida ijodkor avlodlar davomiyligini ta’minlash, mualliflarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayapmiz. Turli tadbirlarda rus tilida ijodga katta qiziqish bildirayotgan o‘zbek yoshlarining yangi avlodi bilan tez-tez muloqot qilaman. Lekin yaratilgan asarlarning badiiy saviyasi izchil yuqori darajada bo‘lishining o‘zi yetarli emas. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Qibray tumanida joylashgan “Do‘rmon” nomli ijod uyida yozuvchilarimiz dam olish va ijod qilishda davom etmoqda, vaqti-vaqti bilan adabiy kechalar o‘tkazilmoqda. Bir necha yildirki, bahor faslida Kengash tashabbusi bilan nafaqat rusiyzabon yozuvchilar, balki bardlar, teatr muxlislari, tarjimonlarni ham birlashtirgan “Do‘rmon baxori” seminari o‘tkazib kelinmoqda. Yosh mualliflar o‘rtasida tashkil etilgan eng yirik tadbirlardan biri bu har yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Zominda 1997 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh ijodkorlar forumi”dir. Kengash yosh mualliflar seminari ishtirokchilari orasidan nomzodlarni tanlab oladi. Har yili ushbu forumda vakillarimi ishtirok etmoqda, - deydi yozuvchi. - Bo‘limning eng faol ishtirokchisi “Mening birinchi kitobim” turkumida o‘z kitobini bepul nashr etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bizning asrimizda odamlar internetdan ma’lumot olishga odatlangan, shuning uchun bosma nashrlarning tiraji asta-sekin kamayib bormoqda. Bu tendensiya nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda ham kuzatilmoqda. Kelgusida farzandlarimiz bosma nashrlarni qanchalik o‘qishi noma’lum. Umuman olganda, hammamiz, ayniqsa, yosh avlod kam o‘qib, kam yozayotganimiz salbiy holat. Quvonarlisi, mamlakatimizda bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan nashrlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Tong yulduzi” bolalar gazetasi, “Yoshlik” yoshlar jurnali faoliyati davom etmoqda. Agar bir muncha vaqt oldin biz an’anaviy qog‘oz kitobdan elektron kitobga qisman o‘tgan bo‘lsak, endi audiokitobga o‘tish tendensiyasini ko‘rishimiz mumkin. Har kuni soatlab davom etuvchi yo‘ldagi tig‘izliklar sabab, men ham audiokitoblarni tanlashga qaror qildim. O‘z asarlarimni professional kitobxonlar yordamida ovoz berishga harakat qildim. Internetdagi ba’zi milliondan ortiq obunachilarga ega kanallar orqali o‘quvchilarning fikr-mulohazalarni olish va sharhlaringizni berish imkoniyati mavjud. Audio format o‘z g‘oyalaringizni keng tinglovchilarga yetkazish uchun yaxshi imkoniyatdir.
A.Goroxovning fikricha, xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuvda asarlar tarjimasi juda muhim. O‘zbekistonda badiiy tarjimaga katta e’tibor berilmoqda. Kengash jahon adabiyotining eng sara asarlarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishini ta’minlashga ko‘p vaqt va kuch sarflab, o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ko‘plab o‘zbek adiblarining asarlari ingliz, nemis, turk, rus va boshqa tillarga tarjima qilinib, xorijda nashr etilmoqda. Artem Goroxov esa bir necha yildan beri bu jarayonda qatnashib kelmoqda. U o‘zbek adiblarining asarlarini rus tiliga tarjima qiladi, tarjimalari allaqachon xorijiy internet nashrlarida chop etilgan.
– Tarjimalar men uchun juda qiziqarli ijodiy faoliyatga aylandi, bu xuddi krossvord yechishdek zavq beradi, o‘z ijodingiz va tarjima o‘rtasidagi muvozanatni topish muhim, – deydi A.Goroxov. – Asarlarim hali tarjima qilinmagan, lekin hamma narsaning o‘z vaqti bor. Kengash rahbari sifatida asosiy vazifam yosh qalamkashlar bilan qizg‘in ishlash, badiiy tarjima sohasini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni keng xabardor qilishdan iborat.
A.Goroxov o‘z asarlarida turli mavzularga to‘xtalib o‘tadi. So‘nggi fantastik-detektiv hikoyasi zamonamizning eng dolzarb mavzulardan biri - sun’iy intellekt (SI) haqida.
Lira Pirjanova,
O‘zA