BAAda Qurbon hayiti arafasida minglab mahkumlar afv etildi
Birlashgan Arab Amirliklarida Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli afv e’lon qilindi. Mamlakat prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 956 nafar mahkumni ozod qilishga farmon berdi. Shuningdek, u mahkumlar zimmasidagi moliyaviy majburiyatlarni ham to‘lab berish tashabbusini ilgari surdi.
Axborot hamkorimiz - “WAM” xabar berishicha, BAAdagi Ras-al-Xayma amirligi rahbari Shayx Saud bin Saqr Al Qosimiy ham 443 nafar mahkumni afv etgan. Ular turli jinoyatlar bo‘yicha jazo o‘tayotgan bo‘lib, tarbiyalanish va yaxshi xulq talablariga javob bergan. Amirlik rasmiylari bu qaror mahkumlarga yangi hayot boshlash imkonini berishini ta’kidladi.
Sharja amirligida ham Qurbon hayiti arafasida 227 nafar mahkum ozodlikka chiqarildi. Amirlik yetakchisi Shayx Sulton bin Muhammad Al Qosimiy ushbu qarorni insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida qabul qildi. Ozod etilganlar yaxshi xulqi va intizomi bilan afv shartlariga mos kelgan.
BAA rasmiylari bunday qarorlar jamiyatda mehr-oqibat, kechirimlilik va ijtimoiy barqarorlik muhitini mustahkamlashini bildirmoqda. Shuningdek, mahkumlarni oilalari bag‘riga qaytarish orqali ularning jamiyatga qayta moslashishiga sharoit yaratilishi ta’kidlandi. Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan afv mamlakatda an’anaviy insonparvarlik siyosati davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA