BAA va Suriya hamkorlikni kuchaytirmoqchi
Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Suriya rahbari Ahmad ash-Sharani qabul qildi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va ayniqsa, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
“WAM” axborot agentligi yozishicha, yetakchilar Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning xavfsizlik hamda jahon iqtisodiyotiga ta’sirini atroflicha ko‘rib chiqishgan. Ayniqsa, mintaqadagi barqarorlik, dengiz xavfsizligi va geosiyosiy jarayonlar muloqotning muhim qismini tashkil etdi.
Suriya rahbari Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlarni qoralab, ularni xalqaro huquq va davlat suverenitetiga zid, deb atadi. Shu bilan birga, u BAAning xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rgan choralarini yuqori baholab, mintaqaviy barqarorlikni saqlashdagi rolini alohida ta’kidladi.
Muloqot yakunida davlat rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiq ekanini bildirdi. Ularning fikricha, bu ham iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, ham xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA