Bu haqda BAA “WAM” axborot agentligi xabar berdi.
“Prezident ishlari vazirligi BAA xalqiga, arab va islom olami hamda butun dunyoga 13 may, juma kuni xalq yetakchisi va homiysi, davlat prezidenti Oliy hazratlari Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon vafotini ma’lum qiladi” deyiladi xabarda.
Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon BAA Al-Ayn vohasida tavallud topgan. U mamlakat birinchi prezidenti Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayonning to‘ng‘ich o‘g‘li. An’anaviy oilaviy tarbiya, ta’lim olgan. Davlat ishlarini olib borishni otasidan o‘rgangan.
Marhum 1966 yildan boshlab Abu Dabi amirligida sud rahbari, 1969 yildan Abu Dabi valiahd shahzodasi hamda amirlik mudofaa departamenti rahbari bo‘lib ishlagan. Dastlab Abu Dabi, keyin BAA mudofaa kuchlarini yaratgan. 1971-1974 yillarda Bosh vazir, Abu Dabi mudofaa va moliya vaziri vazifalarini bajargan.
1971 yil 2 dekabrda Abu Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Al-Fujayr va Umm-al-Kayvayn amirliklari birlashib, yangi davlat vujudga keldi. BAAga 1972 yil fevralda Ras-al-Xayma amirligi ham qo‘shildi.
1974 yil Xalifa bin Zoid Ol Nahayon Abu Dabi Ijroiya kengashi (hukumati) raisi lavozimini egalladi. U infratuzilmani, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, zamonaviy davlat apparatini tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratdi.
1976 yilda Abu Dabi investitsiya boshqarmasini tuzdi va shu tuzilmaga rahbarlik qildi. Uning tashabbusi bilan norasmiy ravishda Shayx Xalifa qo‘mitasi deb ataladigan Ijtimoiy xizmatlar va tijorat qurilish departamenti tashkil etildi. Departament Abu Dabidagi qurilish loyihalarini boshqaradi.
1976 yil may oyida BAA Qurolli kuchlari Oliy qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlandi va BAA Bosh shtabiga rahbar bo‘ldi. U general-leytenant unvoni sohibi edi.
Xalifa bin Zoid Ol Nahayon Abu Dabida qator muhim davlat lavozimlarida ishlagan: 1980 yillarda Neft bo‘yicha oliy kengashni, Abu Dabi Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasini, ko‘p yillar Abu Dabi amirligini boshqargan va otasi Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon xasta bo‘lganida BAA siyosatini shakllantirishda ishtirok etgan.
2004 yil 2 noyabrda otasining vafotidan so‘ng Shayx Xalifa Abu Dabi hukmdori lavozimini egalladi va BAA Oliy Kengashi a’zosi bo‘ldi.
2004 yil 3 noyabrda BAA Oliy Kengashi (davlat hokimiyatining asosiy organi, yetti amirlik hukmdorlaridan iborat) Xalifa bin Zoid Ol Nahayonni besh yil muddatga mamlakat prezidenti etib sayladi. Bu lavozim davlat tashkil topgandan beri Abu Dabi amiriga tegishli bo‘lib, meros orqali o‘tadi.
Shayx Xalifa 2009, 2014 va 2019 yillarda qayta saylangan. Davlat rahbari sifatida BAA Qurolli kuchlari Oliy qo‘mondoni hisoblanadi. Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi va Abu Dabi Suveren jamg‘armasiga rahbarlik qilgan.
2005 yilda BAA Prezidenti tomonidan e’lon qilingan Milliy dasturga ko‘ra, 2006 yil oktyabr oyida BAAda saylov to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 2006 yil dekabrda parlamentning maslahat organi bo‘lgan Federal Milliy Kengashga mamlakat tarixidagi birinchi saylov bo‘lib o‘tdi. Bungacha kengashning barcha a’zolari tayinlangan.
Sobiq prezident ikki o‘g‘il, olti qizning otasi edi. U tarix va she’riyat shaydosi, lochin va baliq ovi, ot va tuya poygasini yaxshi ko‘rardi, futbolga judla qiziqardi.
Dunyodagi eng baland bino Burj Xalifaga 2010 yil uning nomi berilgan.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA