Aziz va muqaddassan mo‘’tabar ayol!
Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosim ana shunday nomlandi.
E’tiborlisi, bayramona dasturxonga davlat va jamiyat hayotida faolllik ko‘rsatayotgan xotin-qizlar qatorida “Ayollar daftari”ga kiritilgan, farzandlarini yolg‘iz o‘stirayotgan, nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ham taklif qilinib, ehtirom ko‘rsatildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov munis onaxonlar, barno ayollar, latofatli qizlarni bayram bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi namanganlik barno opa-singillarimizning ham ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Ayniqsa, “Bundan buyon O‘zbekistonda bironta ham ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi”, degan qat’iy ishonch bilan aytilgan fikrlar har bir o‘zbek ayolining dil tubidagi orzulari mahsuli, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Barcha hududlarda ayollarni qiynayotgan muammolar aniqlash va ular bilan bo‘yicha manzilli ish olib borish uchun joriy etilgan mutlaqo yangi tizim – “Ayollar daftari” bo‘yicha Namanganda ham o‘tgan qisqa davr ichida talay sa’y-harakatlar qilindi. Xususan, viloyat miqyosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 35 ming 275 nafar opa-singillarimizdan 11 ming 439 nafarining bandlik, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik, tomorqadan daromad topish, tibbiy xizmatdan foydalanish, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish kabi muammolari ijobiy hal etildi.

Bayram arafasida Prezident farmoniga asosan Namangan viloyatidan orden va medallarga sazovor bo‘lgan sakkiz nafar fidoyi ayol va Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq topilgan ikki nafar qiz e’tirof etildi. Uzoq yillik samarali mehnatlari bilan ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelayotgan 16 nafar jonkuyar ayolga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi - To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishondori - Norin tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Sabohatxon Hojiboyeva xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’zoz uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
- Har qanday faoliyat ko‘rsatayotgan inson borki, muvaffaqiyatga erishishni xohlaydi. Buning zamirida esa tinimsiz mashaqqat va mehnat bo‘lishi darkor. 43 yil davomida bitta joyda - Namangan Davlat universitetining geografiya kafedrasida ishlab, oddiy o‘qituvchilikdan professor vazifasini bajaruvchi darajasigacha ko‘tarildim. O‘tgan davrdagi mehnatlarimdan xursandman. Boisi, shogirdlarim orasidan o‘nlab fan doktorlari, professorlar, deputatlar, Oliy Majlis Senati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari yetishib chiqdi. Kamtarona mehnatlarim yuksak qadrlanib, davlat mukofoti bilan taqdirlanganimdan bag‘oyat minnatdorman, - deydi “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Manzura Mahmudova. – Bu mukofot meni bundan keyin yanada ikki hissa kuch va shijoat bilan ishlashga undadi. Bor bilimim va salohiyatimni davlatimiz rahbari istaganidek, “Uchinchi rennessans” davri poydevorini yaratadigan barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida safarbar etaman.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Erkin Komilov, Yodgor Sa’diyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva dil so‘zlarini bildirdilar. San’atkorlar ijrosidagi dilbar kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha tarovat kiritdi.
Marosim yakunida shahar, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘z hududlarida “Ayollar daftari”ga kirgan ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish uchun ajratilgan 450 dona mikroto‘lqinli pech taqdim etildi. Xotin-qizlar jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilayotgan mazkur ko‘makdan birinchi galda nogironligi bor, kam ta’minlangan va yolg‘iz ayollar bahramand bo‘lishadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA