Azim Suyun anglatgan o‘zlik (+video)
Azim Suyun tavalludiga 75 yil to‘ldi
O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida adabiyotimizga gulduros ovoz bilan kirib kelgan shoir Azim Suyun o‘zbek she’riyatini xalq ohanglari, tabiatning nafis tasviri, yangicha shakl va mazmun bilan boyitdi. Shoirning dunyo yuzini ko‘rgan yigirmadan ortiq she’riy kitoblari, publitsistik asarlarida bir ruh ustuvor bo‘lib qoldi. Bu ruh asrlar daryosida pishib yetilgan, xalqona donishmandlikning go‘zal namunalari bo‘lgan, ildizdan yaproqqacha milliy mag‘izga to‘q she’riy asarlar bo‘lib, kitobxonlar qalbiga ko‘chdi.
Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Xiyobon oqshomlari” loyihasining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur she’riyat oqshomi atoqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun ijodiga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar marhum shoirning ijod yo‘li, she’rlaridagi asl mohiyat, tadqiqot qilinishi kerak bo‘lgan asarlari xususida to‘xtalib, u yaratgan ijodiy ishlar bugungi kunda yoshlar orasida tobora ommalashayotgani haqida ma’ruza qildilar.
–Azim Suyun adabiyot maydoniga Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Xurshid Davron, Erkin A’zam, Shavkat Rahmon singari zabardast ijodkorlar bilan birgalikda kirib keldi, – dedi tadqiqotchi olima Naima Keldiyorova. – Uning ilk she’riy to‘plami “Mening osmonim” nomi bilan 1978 yilda nashr etilgan. Azim Suyun shoirlikni xalq dardini aytishda, millat dardiga darmon bo‘lishda, deb bilar edi. Fikrlarini sodda, jaydari tilda ifoda etish shoir ijodining o‘ziga xosligidir. A.Suyun xalqona, baxshiyona an’analarni davom ettirgan ijodkor edi. Ayni paytda tarix, milliy o‘zlikni anglash uning she’riyatida ustuvor o‘rin egallaydi.
Darhaqiqat, shoirning yaqinlari aytganidek, Azim Suyun ko‘ngil ovchisi, tabiat va muhabbat shoiri edi. U zaminni, insoniyatni bir butun holatda ko‘rdi. Zamin taqdirini o‘zining taqdiri deb bildi. Shuning uchun ham shoirning she’r va dostonlarini o‘qiganingizda ko‘nglingizga anchayin yaqin bo‘lib qolgan bir ovozni payqaysiz.
Tadbir davomida shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Sarvar Usmonov Azim Suyun so‘zi bilan aytiluvchi qo‘shiqlarni ijro etdi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/qbDg-4LPZ-8" title="Azim Suyun anglatgan o‘zlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
O‘tkir Alimov,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA