Azernews: “Yangi O‘zbekiston” turkiy dunyoda yetakchi kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda
Ozarbayjonning “Azernews” nashri O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishdagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Talqinga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston” nafaqat ichki taraqqiyotni jadallashtirmoqda, balki turkiy dunyoning kelgusi rivojiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim kuch sifatida ham shakllanmoqda.
Maqolada 2017-2025-yillarda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yiliga o‘rtacha 6 foizdan ziyod o‘sgani, joriy yil birinchi yarmida esa iqtisodiy o‘sish 8,5 foizni tashkil etgani ta’kidlanadi. Natijalar tarkibiy islohot, xususiylashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayoni bilan bog‘lanadi.
Nashr O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikdagi faolligini ham alohida qayd etgan. Mamlakatning 2022-2023-yillari Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi davrida Samarqand sammiti o‘tkazilgani, “Turkiy dunyo nigohi-2040” hujjati qabul qilingani va hamkorlikning yangi mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi muhim natijalar sifatida keltiriladi.
“Azernews” O‘zbekistonning geografik joylashuvi, qariyb 40 millionlik aholisi va o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatini Turkiya bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim omillar sifatida baholaydi. Shu bilan birga Toshkent milliy manfaatga asoslangan mustaqil va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganiga urg‘u beradi.
Muallif xulosasi shundan iboratki, “Yangi O‘zbekiston”ning taraqqiyot yo‘li mamlakat farovonligini oshirish barobarida turkiy davlatlar integratsiyasi, umumiy rivojlanishi va xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanishiga ham xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA