Ayub Shahobiddinov: «Vaqtni qadrlay olmagan inson hech narsaga erisholmaydi»
O‘zbek kinoijodkorlari orasida Ayub Shahobiddinov o‘zining salohiyati va iqtidori bilan ajralib turadi. U yaratgan filmlar tomoshabinga shunchaki ta’sir qilmaydi, uni fikrlatadi, tafakkurini charxlaydi.
Uning har bir kinosi inson ruhiyati mahsuli hisoblanib, undagi qahramonlarning xarakteri ochib berilishi bilan bir qatorda, ruhiyati, qalb kechinmalari tomoshabinga oshkor etiladi. Ayub Shahobiddinov aktyor tanlashda ham o‘ta sinchkov va talabchan.
– Yaratilajak har bir film oldidan qahramonlarning qiyofalari haqida o‘ylab yuraman, – deydi Ayub Shahobiddinov. – Rolga munosib aktyorlar izlayman. To‘g‘ri, ko‘chadan duch kelganni rolga taklif qilmayman. Birinchi navbatda, aktyorning iqtidoriga qarayman. Ijodiy jamoani shakllantirishga ham alohida ahamiyat qarataman. Chunki yaxshi jamoa bilan yaxshi ishlar qilish mumkin. Kartina mukammal chiqishi uchun har bir inson professional ishlashi zarur. Oddiy haydovchi, chiroq ustasidan tortib pardozchi va operatorlargacha. Men tasvirchilarning ishiga juda talabchanman. Chunki filmda aktyor emas, kadr gapiradigan, har bir tasvir kartina mohiyatini ochib berishga xizmat qiladigan holatlar ko‘p bo‘ladi.
Ayub Shahobiddinov ijodiy faoliyati davomida «Qor qo‘ynida lola» (Yolqin To‘ychiyev bilan birgalikda), «Sevinch», «Turist», «Telba», «O‘tov», «Parizod», «Kechikkan hayot», «Artist», «Rangsiz tushlar» kabi filmlarni yaratgan. Kino san’atida ko‘plab xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Nufuzli xalqaro festivallarda munosib ishtirok etgan.
– Ijodkor vaqtga xasis bo‘lishi kerak, – deydi rejissyor. –Har bir daqiqadan unumli foydalanishni bilsa, o‘ziga foyda. Vaqtni qadrlay olmagan inson hech narsaga erisholmaydi. bugungi tezkor zamon insondan ana shunday bo‘lishni talab etadi. Yashayotgan davrga moslashish kerak. Atrof-muhit bilan hamohang yashab, taqdim etilayotgan, yaratilajak filmlarga zamondoshlar ehtiyoji, qiziqishini, davr muammolarini singdira olmoq kerak. O‘z auditoriyasiga ega bo‘lib, tomoshabinga ma’rifat ulashadigan kartina yaratgan ijodkor oldiga qo‘ygan yuksak vazifani bajargan bo‘ladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professional kinorejissyor Ayub Shahobiddinov 1977 yil 26 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. Moskvada ssenaristlar va rejissyorlar oliy kursida tahsil olgan. A.Shahobiddinov hozir “Milliy” telekanalda faoliyat yuritadi. Shu bilan birga yangi filmlar ustida ish olib bormoqda.
D.Mamatova, O‘zA