Aytjan Xalmaxonov – «Zagreb Open» turniri g‘olibi
Xorvatiyaning Zagreb shahrida sport kurashlari bo‘yicha nufuzli «Zagreb Open – 2026» xalqaro turniri davom etmoqda.
Musobaqaning navbatdagi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan bellashuvlarda vazni 67 kilogrammgacha bo‘lgan hamyurtimiz Aytjan Xalmaxonov yuksak mahorat namoyish etdi. U musobaqa davomida Misr vakili Muhammad Hasan Ahmad Abdulrahim, moldovalik Valentin Petits hamda yaponiyalik Kyotaro Sogabeni mag‘lub etib, final bosqichiga yo‘l oldi.
Oltin medal uchun kechgan hal qiluvchi bahsda A.Xalmaxonov gruziyalik Diyego Chkikvadze bilan ro‘baro‘ keldi. Murosasiz kechgan bellashuvda polvonimiz raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, «Zagreb Open – 2026» turnirining chempioniga aylandi.
Shuningdek, bugun musobaqa doirasida yana bir qator sportchilarimiz gilamga chiqadi. Jumladan, 55 kg vazn toifasida Ixtiyor Botirov turkiyalik Rejep Omer H. bilan, Jasurbek Ortiqboyev esa hindistonlik Lalit bilan kuch sinashadi. 60 kg vaznda Mehroj Bahromov qozog‘istonlik Yerbol Kamaliyevga qarshi, Alisher G‘aniyev esa AQSH vakili Zan Ray Rodesga qarshi bahs olib boradi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA