“Ayritom”da bo‘sh yuk vagonidan giyohvand modda topildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti va DXX chegara qo‘shinlari xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositasining navbatdagi harakatiga chek qo‘yildi.
“Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan poyezd tarkibida bo‘lgan bo‘sh holatdagi va yopiq tipdagi yuk vagoni bojxona nazoratidan o‘tkazilganda uning ichki shift qismiga berkitilgan, selofan paketga o‘ralgan “opiy” giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda borligi aniqlandi.

Yuk vagonidan topilgan ushbu modda tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazilgach, sof vazni 204,58 gramm bo‘lgan bu modda giyohvandlik vositalari turkumiga kiruvchi “opiy” giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri