"Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
— kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda – 34 foizga, eksportda – 34 foizga va aholi bandligini ta’minlashda 75 – foizga yetkazish;
— kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni "chempion" tadbirkorlarga aylantirish;
— 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik sub’ektlari sonini 4 mingga yetkazish.
2025 yil 1 maydan:
— o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar YATT yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
— o‘z faoliyatini tegishincha YATT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi;
— o‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
— 2025 yil 1 iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn rejimda mikrokredit ajratish jarayonlarini soddalashtirish va ularni tezkor tasdiqlash mexanizmlari;
— kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ushbu fuqarolar uchun tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 million so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan sub’ektlarga 100 million so‘mgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14 foiz stavkada aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratish amaliyoti.
Dastur doirasida "chempion" tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari kiritiladi:
— tuman (shahar) darajasida – har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida –har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
— respublika darajasida – yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan:
— 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi;
— tadbirkorlik sub’ektlariga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan "yagona sanadan yangi qoidalar" tamoyili qo‘llanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1 yanvar yoki 1 iyul etib belgilanadi;
— 2028 yil 1 yanvarga qadar "Birinchi imkoniyat" tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
— oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;
— byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
— "Xavfni tahlil qilish" elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklari hamda venchur jamg‘armalar bilan birgalikda 2026 yil 1 aprelga qadar xorijdan 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilishi belgilangan.
O‘zA