Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilarga ijara uchun kompensatsiya miqdori oshiriladi
“Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yilning 8-iyunida qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026-yil 10-iyundan Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) mudofaa ishlari bo‘limlari shtatidagi fuqaro xodimlarning (chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari bundan mustasno) ish haqi miqdori 2026-yil 10-iyundan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan esa 50 foizga oshiriladi.
Bunda fuqaro xodimlarning tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari (mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi) bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishlicha 2026-yil 10-iyundan e’tiboran 1,2 baravarga, 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran 1,7 baravarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA