Ayollarning qanday holatda zo‘ravonlikka uchrash ehtimoli katta?
“Ko‘pgina davlatlarda xotin-qizlar ancha past ish haqi oladigan norasmiy sektorda mehnat qiladi. Bu oilada xotin-qizlarning iqtisodiy tobeligini chuqurlashtiradi va ularning zo‘ravonlikka uchrash ehtimolini yanada oshiradi. Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda migratsiya qurbonlari tushunchasi ham paydo bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarda ijtimoiy ta’minotni yo‘qotgan xotin-qizlarni himoya qilishimiz shart. Aslida maqsadimiz ham shu.”
“Ko‘pgina davlatlarda xotin-qizlar ancha past ish haqi oladigan norasmiy sektorda mehnat qiladi. Bu oilada xotin-qizlarning iqtisodiy tobeligini chuqurlashtiradi va ularning zo‘ravonlikka uchrash ehtimolini yanada oshiradi. Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda migratsiya qurbonlari tushunchasi ham paydo bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarda ijtimoiy ta’minotni yo‘qotgan xotin-qizlarni himoya qilishimiz shart. Aslida maqsadimiz ham shu.”
Bu – AKTEDning O‘rta Osiyoda loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha vakili Yoxanna Puxakkaning zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilish borasida mulohazalari edi.
AKTED (Texnik hamkorlik va rivojlanish agentligi)ning O‘zbekistondagi filiali Buxoro viloyatidagi “Oydin nur” oilalarni ijtimoiy himoyalash markazi va Samarqand viloyatidagi “Rahmdillik” jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarda bu haqida so‘z yuritildi.
Ayni vaqtda AKTED – ushbu viloyatlarda zo‘ravonlikni boshidan kechirgan va xatar guruhidagi xotin-qizlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish uchun sinov dasturini amalga oshirmoqda.
– Har bir mamlakatni o‘ziga xos muammosi bor, – deydi Yoxanna Puxakka. – Shuning uchun biz bu yerda bunday, u joyda unday edi degan fikrni ilgari so‘rmaymiz, balki muammoni qanday yechishga e’tibor qaratamiz. Yo‘llarini qidiramiz. Bizga amalda tatbiq etilayotgan loyihalarimiz doirasida hayoti og‘ir kechayotgan xotin-qizlarning biror-bir yutuqqa erishgani muhim. Bu borada bizga Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘mak beradi.
Xalqaro miqyosda oladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda bunday muammolar ancha ko‘p. Joylarni o‘rganganimizda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning shikoyatlari deyarli bir xil bo‘ladi. Sizlarda oddiy hol deb hisoblanadigan, misol uchun oilaga qaynona aralashuvi, erning mast holda kaltaklashi, haqorat qilishi kabi holatlar Yevropada tanqid qilinadi. Sizlarda bu esa “er bo‘lgandan keyin uradi-da, o‘lmadim-ku” deya qabul qilinar ekan.
O‘rganishlarimga ko‘ra buning sababi ayollar eri bilan yashaganda boshpanasi bo‘ladi, bolalari yonida va kunlik ovqatni tashvishini qilmaydi. Oiladan chiqib ketgan ayolni yaqinlari qabul qilmaydi, bolalar bilan hech joyga sig‘maydi, qo‘lida hunari yo‘q. Ertangi kunidan qo‘rqqani uchun ham sabr qilib yashaydi.
Biz amalga oshirayotgan loyihada faqatgina zo‘ravonlikka uchraganlar emas, balki kam ta’minlangan, qiynalgan ayollar ham ishtirok etmoqda. Ba’zilarining turmush o‘rtog‘i vafot etgan bo‘lsa, yana birovlarini eri xorijga ishlagani ketgan. Biroq, yillab pul jo‘natmaydi, qaytib ham kelmaydi. Ularni ham ko‘llab-quvvatlash, hayotini iziga tushib ketishiga ko‘mak berish niyatimiz bor. Zero, iqtisodiy faol ayollar hamisha himoyalangan va huquqlarini to‘liq anglay oladi.
Seminar so‘ngida joriy yilda boshlagan dastur doirasida o‘zining biznes-loyihalari asosida tegishli jihozlar va chorva mollari bilan ta’minlangan xotin-qizlar tayyorlagan mahsulotlar ko‘rgazma-savdosi o‘tkazildi.