Ayollarga e’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak namunasi
“Adolat” SDP Siyosiy kengashi markaziy apparati tashabbusi bilan “Ayolga ehtirom” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
bugungi kunda hamiyat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faol ishtirok etib, Vatan taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqda. Mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosatining hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani bu boradagi islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda.

Buni Prezidentimizning “Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmon misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Joriy yilning 1 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida aynan xotin-qizlar manfaatlarini ko‘zlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har bir sohada, har bir tuman, shahar, qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollarga keng imkoniyatlar va imtiyozlar yaratib berish vazifalari ilgari surildi.
Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida taxsil olayotgan xotin-qizlar uchun yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab berilishi, har yili 50 nafar qiz nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuborilishi hamda har bir viloyatdan ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lab berilishi aniq vazifa qilib belgilandi. Bu davlat tomonidan ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak namunasidir.
O‘zbekiston “Adolat” SDP ham o‘zining saylovoldi dasturida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning faolligi va rolini oshirish, ularni ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ayollarni passiv kuzatuvchi emas, balki mamlakatda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylantirish, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida gender teng huquqligiga erishish, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtidorli hamda yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi va siyosatga faol jalb etish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, muhojirlarning mehnat huquqlarini himoya qilish asosiy vazifalar qilib belgilangan.
Bugun partiya a’zolari 517 ming 206 nafarni tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 235 ming 899 nafari (46 foizi) xotin-qizlardir. Shuningdek, partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi ayol deputatlari soni 13 nafarni, hududiy Kengash deputatning 35 nafari, mahalliy Kengashlardagi 222 nafarini ayollar tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga asoslanib aytish mumkinki, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va davlat boshqaruvi hamda saylanadigan vakillik organlariga xotin-qizlarni keng jalb qilish borasida “Adolat” SDP faollari tashabbuskor va o‘rnak bo‘lmoqda.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar jamiyatda ayollarning tutgan o‘rnini oshirish borasida partiya faollarining shu bugungi kunga qadar amalga oshirgan samarali ishlarini a’lohida e’tirof etgan holda 8 mart – Xalqaro xotin qizlar bayrami munosabati bilan, partiya safida sidqidildan mehnat qilayotgan faol, tashabbuskor xotin-qizlar hayoti va mehnat faoliyatiga a’lohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, madaniy-ma’rifiy bayram tadbirining uzviy davomi sifatida Abdulla Qodiriy nomidagi uy muzeyiga maxsus ekskursiya uyushtirildi. Tadbir so‘ngida bir gurux adolatchi ayollar bayram sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA