Ayollar tillani nega yoqtiradi...
Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida bebaho topilma – bronza davriga tegishli boʻlgan ayollarning tillo taqinchoqlari hamda zebu ziynatlari saqlanmoqda.
Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida bebaho topilma – bronza davriga tegishli boʻlgan ayollarning tillo taqinchoqlari hamda zebu ziynatlari saqlanmoqda.
Barchamizga maʼlumki, xotin-qizlar zebu ziynatni, ayniqsa, tilla buyumlarni yoqtirishadi. Bu bejiz emas ekan. Ming yillardan oldin ham ayollar bunga oʻch boʻlishganini arxeologik topilmalar isbotlamoqda. Qimmatbaho toshlar, metallar paydo boʻlibdiki, ularda bunga qiziqish uygʻongan.
– Fondimizda bronza davriga oid boʻlgan (miloddan avvalgi 12-10 asrlar) Qoʻchqorchi manzilgohidan topilgan tilla ziraklar, uzuklar, surma tosh, aqiqdan yasalgan marjon qoldiqlari saqlanib kelinyapti, – deydi muzey direktori Bahodirjon Hoshimov. – Ayollarga tegishli boʻlgan bu kabi buyumlar jahon madaniyati tarixiga oid noyob topilma hisoblanadi. Ilk temir davriga oʻtib ham (miloddan avvalgi 6-4 asrlar) ayollar mavqei jamiyatda juda yuqori boʻlgan. Buni biz Fargʻona vodiysining turli hududlaridan topilgan ashyolar misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin. Fargʻona shahri yaqinidagi Oqtom manzilgohi, Damkoʻl qabristoni, Vodil qishlogʻida topilgan ashyolar orasida ayollarga tegishli boʻlgan buyumlar asosiy qismni tashkil qiladi.
Eʼtiborli jihati, katta oilani aks ettiruvchi uzuk tamgʻalar ayollarning qoʻlida saqlanib kelingan. Azaldan zargarlar tomonidan yasalgan tillo taqinchoq va buyumlar asosan xotin-qizlarga atalgan.

