Ayollar tadbirkor bo‘lishni istaydi, ularga nima to‘sqinlik qilyapti?
O‘zbekistonda 2025-yilda jami bandlar tarkibida xotin-qizlar ulushi 43,1 foizni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 0,4 foiz oshgan.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va tadbirkorlik imkoniyatlariga moliyaviy resurslardan foydalanish, oilaviy qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy savodxonlik, kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, trening va mentorlik dasturlarida ishtirok etish kabi omillar ta’sir ko‘rsatishini aniqladi.
So‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 51,7 foizi o‘z biznesini ochish istagini bildirgan. Biroq bugun ularning atigi 7,7 foizi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Tadqiqot natijalari ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda puldan tashqari, oilaviy muhit, uy yumushlari, moliyaviy bilim va amaliy ko‘mak ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi.
Ayolning tadbirkorlikka qo‘l urishi ba’zan birgina g‘oyadan boshlanadi. Ammo bu g‘oyani haqiqiy biznesga aylantirish uchun mablag‘, bilim, vaqt va eng muhimi, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi kerak. Aks holda, qanchadan-qancha rejalar kundalik yumushlar orasida qolib ketishi mumkin.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar o‘rganilgan tadqiqot natijalari ham buni tasdiqlaydi. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan respublika barcha hududlarida 2 398 nafar xotin-qiz ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov ayollarning tadbirkorlik salohiyati, bandligi va daromadni mustaqil boshqarish imkoniyatlariga oid muhim ko‘rsatkichlarni ochib berdi.
Tadqiqotga ko‘ra, 2025-yilda jami band aholi tarkibida xotin-qizlar ulushi 43,1 foizni tashkil etgan. Bu 2024-yilga nisbatan 0,4 foiz punktga ko‘p. Biroq tadbirkorlik sohasidagi ko‘rsatkichlar yanada katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. So‘rov ishtirokchilarining 7,7 foizi hozirda o‘z biznesini yuritmoqda, 51,7 foizi esa kelajakda tadbirkorlikni boshlash istagini bildirgan. Demak, tadbirkorlikka qiziqish bildirayotganlar ulushi amalda biznes yuritayotganlar ulushidan qariyb 6,7 barobar yuqori. Bu raqamlar o‘z-o‘zidan barcha istak bildirgan ayollar tadbirkor bo‘la oladi, degani emas. Ammo ular xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar borligini ko‘rsatadi.
Endilikda asosiy masala — bu istakni amaliy harakatga aylantirishga nima xalaqit berayotganini aniqlash va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi ayolning iqtisodiy faol bo‘lish ehtimolini 2,64 barobar oshirgan. Umumiy oilaviy ko‘mak esa bandlik imkoniyati bilan ijobiy bog‘liq bo‘lgan. Aksincha, oila a’zolarining ishlashga qarshiligi ayolning ishga joylashish ehtimolini 66,3 foizga kamaytirgan. Bu raqamlar bir haqiqatni ko‘rsatadi: xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi faqat ularning shaxsiy intilishiga bog‘liq emas. Oiladagi munosabatlar, mas’uliyatlarning taqsimlanishi va ayolning mehnat qilishiga bo‘lgan munosabat ham muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, uy yumushlarining ko‘pligi bandlikka jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Haftasiga 6–12 soat qo‘shimcha uy mehnati bandlik ehtimolini 54,1 foizga, 12 soatdan ortiq uy mehnati esa 75,4 foizga kamaytirgan. Har bir qo‘shimcha uy mehnati soati to‘liq bandlik ehtimolining o‘rtacha 6,4 foizga pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Boshqacha aytganda, ayolning ishlashi yoki biznes boshlashi uchun faqat ish o‘rni yoki kredit taklif qilishning o‘zi yetarli emas. Uning vaqtini tejash, uydagi mas’uliyatlarni adolatli taqsimlash va mehnat qilishi uchun sharoit yaratish ham muhim.
Kredit kerak, ammo uni qanday boshqarish ham muhim
Tadqiqotda moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyati ham alohida o‘rganilgan. Kreditga ehtiyoj bildirgan xotin-qizlarning tadbirkorlikni boshlash ehtimoli boshqa ishtirokchilarga nisbatan 5,15 barobar yuqori bo‘lgan. Oilaviy qo‘llab-quvvatlash tadbirkorlikka kirish imkoniyatining 2,06 barobar oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, shaharda yashash tadbirkorlik istagining yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Biroq mablag‘ ajratishning o‘zi biznes muvaffaqiyatini kafolatlamaydi. Uni to‘g‘ri sarflash, xarajat va daromadni hisoblash, bozor talabini o‘rganish hamda moliyaviy xavflarni baholash zarur.
Bu borada moliyaviy savodxonlikning ahamiyati katta. Tadqiqotga ko‘ra, moliyaviy savodxonlik indeksidagi har bir ballga o‘sish biznesni davom ettirish ehtimolining 2,2 foizga, faoliyatni kengaytirish rejasiga ega bo‘lish ehtimolining esa 2,5 foizga oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Indeksning 10 ballga ko‘tarilishi biznes barqarorligi ehtimolini 24,6 foizga, faoliyatni kengaytirish ehtimolini 28,4 foizga oshirgan. Shuning uchun xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etishda moliyaviy yordamni amaliy bilim va maslahatlar bilan birga olib borish muhim.
Qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlarning o‘z daromadini mustaqil boshqarish ehtimoli shahar ayollariga nisbatan 1,87 barobar yuqori bo‘lgan. Bandlik bu imkoniyatni 2,19 barobar, oliy ma’lumot esa 1,43 barobar oshirishi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Bu natijalar iqtisodiy mustaqillikni faqat ish bilan ta’minlanish orqali baholash yetarli emasligini ko‘rsatadi. Ayolning o‘z mehnati bilan daromad topishi, uni qanday sarflashni mustaqil hal qilishi va moliyaviy qarorlar qabul qilishi ham muhim.
Tadqiqot natijalari xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va tadbirkorligini rivojlantirish bir nechta omilni birgalikda hisobga olishni talab qilishini ko‘rsatdi. Oilaviy qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy savodxonlik, kasbiy bilim, amaliy treninglar va yordam dasturlari haqidagi aniq axborot shular jumlasidan. 51,7 foizlik tadbirkorlik istagi bilan 7,7 foizlik amaldagi biznes ko‘rsatkichi o‘rtasidagi tafovut esa e’tiborga molik. Bu farqning o‘zi barcha to‘siqlarning sababini ochib bermaydi, ammo mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun yanada samarali mexanizmlar zarurligini ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA