Ayollar salomatligi: sut bezi saratonini erta aniqlaş muhim
Özbekistonda kökrak bezi saratoni onkologiyaning eng xavfli turlaridan biri hisoblanadi. Ona uçun esa farzandining soğliği va kamoli har narsadan ustun. Ayniqsa, çaqaloqni kökrak suti bilan oziqlantiriş uning soğlom ösişi, immuniteti mustahkamlanişida muhim ahamiyatga ega.
Biroq, onalik masʼuliyati bilan band bölgan ayollar baʼzan öz salomatligini ham unutib qöyadi. Sönggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda «ikki yil tabiiy sut bilan oziqlantirsa, ayol sut bezi saratoniga çalinmaydi» qabilidagi fikrlar ham uçramoqda. Xöş, homiladorlik va laktatsiya davrida sut bezlarida qanday özgarişlar kuzatiladi? Emizikli ayollar qaysi belgilarga eʼtibor qaratişi kerak? Kasallikning dastlabki alomatlarini qanday aniqlaş mumkin?
Bu savollarga Respublika ixtisoslaştirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tibbiyot fanlari nomzodi Lolaxon Zakirova javob berdi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda «ikki yil emizgan ayol saratonga umuman çalinmaydi» degan fikrlar uçraydi. Ilmiy jihatdan esa emiziş sut bezi saratoni xavfini kamaytirişi, biroq 100 foiz kafolat bermasligi taʼkidlanadi. Amaliyotingizda uzoq muddat emizgan bölsa-da, sut bezi saratoni bilan murojaat qilgan bemorlar uçraydimi? Ayollarning «men emizganman, demak, menga xavf yöq» degan fikr bilan skrining tekşiruvlarini ötkazib yuborişi qançalik töğri?
— Men doimo bemorlarimga bir fikrni taʼkidlayman: emiziş — sut bezi saratoni xavfini kamaytiruvçi muhim omil, ammo bu kasallikdan töliq himoya qilmaydi. Şuning uçun ayollar faqat emizganlik omiliga tayanib, profilaktik köriklardan voz keçmasligi kerak. Sut bezi saratonining oldini oliş va uni erta aniqlaşda muntazam tibbiy köriklar muhim örin tutadi. Ayol özini soğlom his qilgan taqdirda ham yoşi va individual xavf omillaridan kelib çiqib, mutaxassis tavsiya qilgan tekşiruvlardan ötişi zarur.
— Homiladorlik va ikki yillik emiziş davrida ayol kökragidagi gormonal özgarişlar tufayli turli tugunlar paydo bölişi mumkin. Bunday holatda ayol onkologga murojaat qilişi kerakmi?
— Homiladorlik va emiziş davrida sut bezlarida muayyan fiziologik özgarişlar yuz beradi. Bu davrda bez töqimalari faollaşadi, sut işlab çiqariş jarayoni kuçayadi. Natijada sut bezlarida ziçlaşiş, tugunsimon hosilalar yoki boşqa özgarişlar sezilişi mumkin. Bunday özgarişlarning barçasi ham xavfli ösma belgisi emas. Masalan, sut yöllarining berkilib qolişi, laktostaz, mastit, kista yoki fibroadenoma kabi holatlar ham kökrakda tugun paydo bölişiga sabab bölişi mumkin. Biroq har qanday yangi hosila yoki uzoq vaqt saqlanib qoladigan ziçlaşişni faqat gormonal özgarişlar bilan izohlaş töğri emas. Ayniqsa, tugun yöqolmasa, kattalaşsa yoki boşqa şubhali belgilar kuzatilsa, mammolog yoki onkolog körigidan ötiş zarur.
— Laktatsiya davrida sut bezi saratonini erta aniqlaş uçun emizikli onalar qaysi belgilarga alohida eʼtibor qaratişi lozim?
— Bu davrda ayollar sut bezlaridagi özgarişlarni odatdagi laktatsiya jarayonlari bilan adaştirib yuborişi mumkin. Şu bois öz tanasidagi özgarişlarni kuzatib boriş muhim. Xususan, sut bezida paydo bölgan va saqlanib qolayotgan tugun, kökrak şakli yoki hajmining özgarişi, terida tortiliş yoki «limon pöstloği»ga öxşaş özgarişlar, qonli ajralmalar kelişi kabi belgilar eʼtibordan çetda qolmasligi kerak. Bunday alomatlar har doim ham saratonni anglatmaydi. Ammo ularning paydo bölişi şifokor körigidan ötiş uçun yetarli asosdir. Aniq taşxis esa mutaxassis körigi va zarur tekşiruvlar natijasida qöyiladi.

Şuningdek, mutaxassisning taʼkidlaşiça, sut bezi saratonini erta aniqlaş davolaş samaradorligini oşirişda muhim ahamiyatga ega. Şu bois ayollar profilaktik tekşiruvlarni keçiktirmasligi, sut bezlaridagi har qanday yangi özgarişga befarq bölmasligi zarur.
Oçiq manbalarda keltirilişiça, oxirgi yillarda sut bezi saratoni bilan kasallaniş körsatkiçlari butun dunyoda, jumladan, Özbekistonda ham barqaror ösib bormoqda. Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti (JSST) va xalqaro tadqiqotlar maʼlumotlariga köra, dunyoning köplab mamlakatlarida uşbu kasallik yiliga 1–5 foizga ortib, yillik yangi holatlar soni 2,4 millionga yetgan. Özbekistonda esa kasallaniş darajasi yiliga örtaça 2–4 foizga ösmoqda: agar 2020-yilda 4 ming 454 ta yangi holat qayd etilgan bölsa, 2025-yilga kelib bu körsatkiç 4 ming 843 tani (har 100 ming ayolga 26 ta holat) taşkil etgan.
Mutaxassislar uşbu ösişni bir tomondan ekologiya, turmuş tarzi va kasallikning 30–40 yoşli ayollar orasida ham yoşarib borayotgani bilan izohlasa, ikkinçi tomondan mammografik skrining dasturlari kengaygani tufayli kasallik erta bosqiçlarda köproq aniqlanayotgani bilan boğlamoqda. Buning ijobiy natijasi sifatida 2025-yilda aniqlangan holatlarning 70,8 foizi 1–2-bosqiçlarda qayd etilgan bölib, bugungi kunda dispanser nazoratida turgan 27 ming 700 dan ortiq bemorning qariyb yarmi (47,8%) 5 yil va undan ortiq vaqtdan beri soğlom hayot keçirmoqda.
Mohiçehra Eşmirzayeva,
ÖzA