Ayollar matonati haqidagi hayqiriq
Besh oʻgʻlini jang maydoniga joʻnatgan, ulardan ayrilgan, farzandlari oʻlib, oʻzi tirik qolgan onaning faryodidan achchiqroq nima bor?!
Munosabat
Besh oʻgʻlini jang maydoniga joʻnatgan, ulardan ayrilgan, farzandlari oʻlib, oʻzi tirik qolgan onaning faryodidan achchiqroq nima bor?! Axir oʻgʻillari bilan birga uning ham orzulari, umidlari qabrga koʻmilmaydimi? Besh oʻgʻildan ayrilgan ona qanday qilib tirik qoladi? Qanday qilib, beva kelinlariga, otasiz nabiralariga bosh boʻladi? Qanday qilib, bu shafqatsiz hayotda bosh koʻtarib yuradi?! Umrning avj nuqtasidan qulaganingdan soʻng ham hayot bormi? U qanaqa hayot?!
Oqlash mumkin boʻlgan birorta urush yoʻq tarixda. Urushlarda gʻoliblar va magʻlublar yoʻq.
Urushlarda yarador onalar bor. Birinchi va keyingi oʻqlarning bari onalarning koʻksiga tegadi. “Ilhaq” filmi shular haqida hikoya qiladi. Uni yigʻlamay koʻrish mumkin emas. Xalqni, millatni buyuk qilgan kechmishlar yigʻlatadi. Zulfiya ona ikki oʻgʻlidan birdaniga qora xat olgan chogʻda, tong bilan darvozadan chiqib ketadi. Kelinlarning biri sezib qoladi. Onaning ortidan sezdirmasdan poylaydi. Ona toʻlib, hayqirib oqayotgan, sohillarida hech kim yoʻq daryoning boʻyiga borib ovozi boricha baqirib yigʻlaydi, dodlaydi. Rejissyor shu epizodni boplab topgan (Bir qora kunlarimda, men baxti qaro ona dodlamoqqa shunday daryoni topmagan edim, rejissyor topibdi)...
Bu kino buyuk jasorat haqida, xalq va ayollar matonati haqida hayqiriq boʻlibdi. U bizga va bizdan keyingi avlodlarga kechagi kunlar haqiqatini aytuvchi roviydir. Oʻgʻillarining qaytishiga ishongan onalar, kelinchaklar haqidagi dostondir. Undagi hamma gaplar rost, hayot haqiqatlari. Asrning eng ogʻriqli nuqtasidir. Yengilmas va matonatli ona haqidagi qoʻshiqdir.
Bunday onalar yurtimiz va millatimiz ichida koʻpchilik edi. Otasi, eri, togʻasi, amakisi, aka-ukasi urushga ketgan ayollar juda koʻp edi. Urush olganlarini hech qachon qaytib bermaydi. Urush, noming oʻchsin! Ayollar, bolalaringiz jismu joniga sut bilan qoʻshib bering, singdiring. Ular urushni yomon koʻrsinlar! Kino shular haqida soʻzlaydi, unda tasvirlangan ayollar mana bunday boʻzlaydi:
Tut shoxidan otlar mingan ukama,
Otlarini yotlar mingan ukama,
Jangga ketdi joʻrasiga ergashib,
Qirq yil kutdim, bir kelmadi qir oshib,
Urush topib bergin jonim ukamni!
Erka singil edim, kamim yoʻq edi,
Na qoʻrquv, na armon, gʻamim yoʻq edi,
Boshimda soyabon akam bor edi,
Yoʻlini poylashib qizlar zor edi,
Urush, topib bergin, mening akamni!
Osmonlarda yurgan qiz bola edim,
Koʻngil bergan yorim boʻz bola edi,
Garchand sochlarim oq, boʻylarim kamon,
Oʻn sakkizdan oʻtmay kutaman, hamon,
Urush, topib bergin, sevar yorimni!
Topganimni tuyub, toʻylar qilmadim,
Qirlarning ustida uylar qilmadim.
Oʻqlar meni olmay, oʻgʻlimni oldi,
To abad qoʻllarim yoqangda qoldi.
Urush, topib bergin, mening oʻgʻlimni!
Togʻday yelkasiga bosh qoʻyolmadim,
Hattoki, qabriga tosh qoʻyolmadim.
Men tengi qizlarning hammasi yetim,
Yuz yil yashasam ham oʻchmaydi oʻtim.
Urush, topib bergin, mening otamni!
Xosiyat BOBOMURODOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi