Ayol jamiyat gultoji, mehr va go‘zallik timsolidir. Ularning jamiyatdagi rolini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Aynan ularning manfaatini ifodalovchi va himoyalovchi qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ayollarga ko‘plab imtiyozlar joriy qilindi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
O‘tgan yildan boshlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta’lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi. Mazkur yangi tizim asosida 2020 yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz o‘qishga qabul qilindi.
Yana bir jihat. 2020 yilning o‘tgan davri davomida 166,3 ming nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi. 31,1 ming nafari kasbga o‘qitildi, 48,4 ming ishsiz ayolga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi.
Ming afsuski, qizlar va ayollar huquqini ham shaxsiy, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlaydigan erkaklar soni kam. Ular qizlar va ayollarning ta’lim olishi hamda ishlashini istamaydilar. Jamiyatimizda shunday kishilar ham borki, ayollarini to‘liq nazorat qilish, hatto urish normal holat deb hisoblaydi.
Uy sharoitida zo‘ravonliklar asosan sifatsiz ta’lim sabab bo‘lgan past iqtisodiy ko‘rsatkichli oilalar boshiga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar ayolning iqtisodiy yetishmovchiligi tufayli yuz beradi. Shuni aytish lozimki, dunyodagi davlatlarning kam qismi ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunlarni qabul qilgan.
Bu borada O‘zbekiston “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoriga kirdi. Bu qonunlar davlat va boshqa tegishli tashkilotlarni ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashish va ularga barham berishga chaqiradi.
Mamlakatimizda tazyiqqa uchragan ayollarga yordam berish, muammolariga yechim topish maqsadida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollar uchun reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tashkil qilingan. Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar uchun “ishonch telefon“lari ishlab turibdi.
Huquqiy asos mavjudligiga qaramay, bugungi kunda ko‘plab qizlar, ayollar hamon gender bilan bog‘liq kamsitishlarga duch kelmoqda va ular bunday vaziyatlardan aziyat chekishmoqda. Ba’zi oilalarda qizlarga kasb tanlash va universitetga kirib o‘qishga ruxsat etilmaydi. Buning o‘rniga ularni tezroq turmushga berishga oshiqishadi. Qizlarni ta’lim olishdan mahrum qilish noxush oqibatlarga olib keladi. O‘qimagan va malakasiz ayollar, ayniqsa, beva bo‘lib qolsa yoki turmushidan ajrashsa, nima qilishlarini bilmay qoladi.
Buning yana bir yomon oqibati borki, iqtisodiyotga ham salbiy ta’sir etadi. Ya’ni ishchi kuchidan to‘liq foydalanilmaydi. Undan ham yomoni, bu ayollarning, ayniqsa, yosh bolalarning ruhiyatini jarohatlaydi. Kattalar ko‘pincha kun sayin o‘sayotgan va ularning xatti-harakatlaridan o‘rnak oladigan bolalar kuzatib turganini esdan chiqaradi. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naql bor.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ota farzandining onasiga nisbatan zo‘ravonlik qilishi bilan o‘g‘il bolada, ayol kishini urish mumkin ekan, degan tushunchani paydo qiladi. Ular o‘zini xavfsiz sezmaydi. Ijtimoiy hayotida turli muammolarga duch keladi. Spirtli ichimliklar yoki narkotiklarga ruju qo‘yishi hamda hayotda jismoniy yoki psixologik zo‘ravonlikka moyil bo‘lishi mumkin.
Zo‘ravonlik qilish yoki qizlarning ta’lim olishiga yo‘l bermaslik ularning kelajagiga va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rasatadi.
bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida, Konstitutsiyasiga asoslangan holda ayollarga adolatli munosabatda bo‘lish, ularning ham xuddi erkaklar singari imkoniyatlardan foydalanish huquqi borligini eslatishdan iboratdir.
Mohinur QUDRATULLAEVA, O‘zA